Saneg kompaniyasi "Qarshi" va "Muborak" HIChK neftni saqlash obyektlarida nafas olish gazlarini utilizatsiya qilishning zamonaviy tizimini joriy etishni yakunladi. Loyiha zararli chiqindilarni kamaytirish, ekologik va sanoat xavfsizligini oshirish, shuningdek, uglevodorodlarni saqlashda yo‘qotishlarni kamaytirishga qaratilgan. Uning amalga oshirilishi Sanegning ishlab chiqarish faoliyatini ekologizatsiyalash va iqlim maqsadlariga erishish strategiyasida muhim bosqichga aylandi.
Nafas olish gazlari uglevodorodlarning bug‘lari bo‘lib, rezervuarlarda haroratning o‘zgarishi natijasida ("kichik nafas olish") va neftni quyish yoki to‘kish jarayonlarida ("katta nafas olish") hosil bo‘ladi. Ixtisoslashtirilgan yechimlar qo‘llanilmasa, bunday jarayonlar yiliga 8 million kub metrdan ortiq bug‘ yo‘qotilishiga olib keladi. Bu atmosferaga chiqariladigan 160 ming tonnadan ortiq CO₂ ekvivalentiga teng. Bunday hajmning o‘rnini bosish uchun 7 milliondan ortiq daraxt ekish kerak bo‘ladi.
Ushbu yo‘qotishlarni bartaraf etish uchun Saneg nafas olish gazlarini yig‘ish va utilizatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etdi. Texnologik yechim rezervuarlardan bug‘larni germetik chiqarish, ularni tashish uchun yer osti quvuri va yig‘ilgan gaz aralashmasining 99% gacha utilizatsiyasini ta’minlaydigan zamonaviy mash’ala qurilmasini o‘z ichiga oladi. Bug ’lar endi tutib qolinadi va nazorat ostida hamda ekologik jihatdan xavfsiz tarzda yoqiladi.
Loyihani ishlab chiqish va texnik loyihalashtirish ishlari GRDC (Geo Research & Development Company) kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi. Moliyalashtirish hamda investitsiyaviy qo‘llab-quvvatlash issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha global dastur doirasida VEMA Carbon (Shveysariya) kompaniyasi tomonidan ta’minlandi.
"Loyihani amalga oshirish natijasida uchuvchan organik birikmalar chiqindilarini sezilarli darajada kamaytirish, neft mahsulotlari yo‘qotishlarini minimallashtirish hamda saqlash obyektlarining sanoat xavfsizligini oshirishga erishildi. Yangi yondashuv atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro standartlarga javob beradi va kompaniyaning uglerod izini yiliga 160 ming tonnadan ortiq CO₂ gacha kamaytirishga yordam beradi", – dedi Saneg bosh direktorining strategik loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Azizbek Nazarov.
Tashabbus Sanegning ishlab chiqarish aktivlarini dekarbonizatsiya va modernizatsiya qilish bo‘yicha uzoq muddatli dasturining bir qismiga aylandi. Kompaniya ESG tamoyillari va energetika sohasida global barqaror rivojlanish kun tartibiga mos keladigan yechimlarni izchil amalga oshirmoqda.