9-sentyabr kuni Samarqandda mintaqa sanoatining asosiy hodisasi – "Markaziy Osiyo va Kaspiy neft-gaz kimyosi va neftni qayta ishlash" mavzusidagi biznes-sammit boshlandi. Tadbirda Markaziy Osiyo va Kaspiyning qayta ishlash hamda neft-kimyo sohasi yetakchilari, xalqaro kompaniyalar va ilmiy hamjamiyat vakillari ishtirok etdi.
Plenar sessiyada so‘zga chiqqan Saneg bosh direktori To‘lqin Yusupov O‘zbekiston iqtisodiyoti va sanoatining barqaror o‘sishi mamlakatning energetika salohiyatini mustahkamlash, bozorni zamonaviy yoqilg‘i turlari bilan ta’minlash hamda eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida neft kimyosini rivojlantirish kabi yangi vazifalarni shakllantirayotganini ta’kidladi.
"Bugun bizda mavjud vaziyatni muhokama qilish bilan cheklanib qolmasdan, sohaning kelajagi haqida umumiy tasavvurni shakllantirish imkoniyati mavjud. O‘zbekiston va butun mintaqa jiddiy salohiyatga ega. Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan biz bu salohiyatni iqtisodiyotni mustahkamlaydigan va millionlab odamlarning hayot sifatini yaxshilaydigan yangi ishlab chiqarish va mahsulotlarga aylantira olamiz", – dedi Saneg rahbari.
U o‘z nutqida soha uchun uchta asosiy yo‘nalishni belgilab berdi: generatsiyani rivojlantirish, motor, aviatsiya va energetika yoqilg‘ilariga o‘sib borayotgan talabni qondirish, shuningdek, neft-kimyo loyihalarini faol ilgari surish.
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish loyihasiga alohida e’tibor qaratildi. U ishga tushgach, korxonada xalqaro darajadagi mahsulotlar, jumladan, "Yevro-5" standartiga oid yoqilg‘ilar ishlab chiqariladi. Bu ichki bozorni sifatli neft mahsulotlari bilan ta’minlash va O‘zbekistonning eksport salohiyatini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
"Markaziy Osiyo va Kaspiy neft-gaz kimyosi va neftni qayta ishlash" biznes-sammitida 350 dan ortiq soha mutaxassislari ishtirok etmoqda. Asosiy ishtirokchilar orasida davlat organlari vakillari, shuningdek, mintaqa va dunyoning yetakchi kompaniyalari va tashkilotlari, jumladan, "O‘zbekneftgaz," "KazMunayGaz," SOCAR, KMG PetroChem, Honeywell, Worley Consulting va boshqalar bor. Forum har yili tajriba almashish va neft-gaz, neft-kimyo sohasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun maydon bo‘lib xizmat qiladi.