Saneg kompaniyasi ISO 9001:2000, ISO 14001:2004 va ISO 45001:2018 xalqaro standartlarini birlashtirgan integratsiyalashgan menejment tizimini (IMT) joriy etish jarayonini yakunladi. Ushbu yechim ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida sifat, ekologik xavfsizlik va mehnat muhofazasini kompleks boshqarishni ta’minlaydi.
ISO 9001 sifatni boshqarish tizimini tartibga soladi va jarayonlar samaradorligi hamda mijozlarga xizmat ko‘rsatish darajasini oshirishga yordam beradi. ISO 14001 atrof-muhitga ta’sirni kamaytirish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan ekologik menejment mavjudligini tasdiqlaydi. ISO 45001 mehnatni muhofaza qilish va sanoat xavfsizligi talablarini belgilaydi, jarohatlanish va kasb kasalliklari xavfini kamaytiradi, unumdorlikni oshiradi va kompaniyaning obro‘sini mustahkamlaydi.
Uchta standartning yagona tizimga integratsiyalashuvi jarayonlar va hujjatlarning takrorlanishini bartaraf etish, bo‘linmalarning o‘zaro hamkorligini soddalashtirish va boshqaruv shaffofligini yanada oshirish imkonini berdi. Bunday yondashuv yangi tartiblarni joriy etish muddatlarini qisqartiradi, mehnat sarfini kamaytiradi, rejalashtirish va nazorat qilishning yaxlit tizimini shakllantiradi.
Sertifikatlarni olish uchun Saneg kompaniyasining 20 nafar xodimi xalqaro treningdan o‘tdi, bu esa standartlarni amalda qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaydi.
"Bugungi kunda Saneg O‘zbekiston neft va gaz sanoatida integratsiyalashgan menejment tizimini joriy etgan yagona kompaniyadir. Uchta xalqaro standartni birlashtirish kompaniya ichidagi harakatlarning muvofiqligini ta’minlaydi, sifat, xavfsizlik va ekologik tozalik darajasini oshiradi hamda barqaror rivojlanish uchun sharoit yaratadi", — deya ta’kidladi strategik loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Azizbek Nazarov.
Korporativ ESG-siyosat doirasidagi keyingi qadam energiya samaradorligini oshirish, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va energiya resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan ISO 50001 (energiya boshqaruvi) standarti bo‘yicha sertifikatlashga tayyorgarlik ko‘rish bo‘ladi.