FNQIZ xomashyoni qayta ishlash hajmini ikki barobar ko‘paytirishni rejalashtirmoqda

FNQIZ xomashyoni qayta ishlash hajmini ikki barobar ko‘paytirishni rejalashtirmoqda

1148
FNQIZ xomashyoni qayta ishlash hajmini ikki barobar ko‘paytirishni rejalashtirmoqda

“Sanoat Energetika Guruhi” (Saneg) MChJ XK tomonidan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiyalash ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Modernizatsiya jarayoni tugallangach, 2024-yilga kelib FNQIZda xomashyoni qayta ishlash hajmini ikki barobarga, ya’ni yiliga 2 mln tonnagacha, uglevodorodlarni qayta ishlash chuqurligini esa 87 foizdan 92 foizgacha oshirish imkoniyati tug‘iladi.

“Loyihaning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasining neft mahsulotlariga bo‘lgan tobora ortib borayotgan ehtiyojini qondirishdan iborat. FNQIZni modernizatsiya qilish zavodda ishlab chiqarilayotgan neft mahsulotlari sifatini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish, xususan, motor moylari sifatini “Yevro-5” toifasigacha, yog‘lash uchun ishlatiladigan moylarni API bo‘yicha II+/III guruh darajasigacha oshirish imkonini beradi. Yangi turdagi mahsulotlar ekologik jihatdan toza bo‘lib, tashqi bozorda xorijiy ishtirokchilar bilan raqobatlasha oladi”, — deydi Saneg kompaniyasi bosh direktori Shokir Fayzullayev.

Ayni paytda modernizatsiya loyihasi doirasida jihozlarning qariyb 40 foizi yetkazib berilgan. Kimyoviy suv tayyorlash qurilmasiga ega bo‘lgan bug‘ qozonini loyihalash va qurish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Gidrokreking, vodorod ishlab chiqarish, qisqa siklli ajratish uskunalari qurilmoqda.

Shuningdek, ishlab chiqarishning texnologik jarayonlarini boshqarish bo‘yicha yagona markaz qurilishi ham davom ettirilmoqda. Birlashtirilgan dispetcherlik xonasi mutaxassislari uchun ish o‘rinlari soni 200 dan ortadi.

Uglevodorodlarning yo‘qotilish hajmini kamaytirish va zavod rezervuarlar parkini yangilash modernizatsiya loyihasining muhim jihati hisoblanadi. Shu munosabat bilan FNQIZ loyiha-konstruktorlik bo‘limi tomonidan 36 ta yangi rezervuarlarni qurish bo‘yicha loyiha tayyorlangan bo‘lib, ayni paytda xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda ularni ishlab chiqarish jarayoni yo‘lga qo‘yilmoqda.

Zavodning tobora ko‘payib borayotgan quvvatlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida umumiy uzunligi 12 km bo‘lgan yangi tashqi gaz quvurini yotqizish bo‘yicha texnik topshiriqlar tayyorlandi. Ishchi loyihaga muvofiq qurilish materiallari va uskunalari xarid qilindi, qurilish-montaj ishlari boshlab yuborildi.

Eski tozalash inshootlarini neft mahsulotlaridan tozalash jarayoni davom etayotgan bo‘lib, keyinchalik ikkilamchi qayta ishlanganidan keyin ulardan yana foydalaniladi. Bu kompaniyaning ekologik xavfsizlik bo‘yicha majburiyatlarining muhim qismidir.

Modernizatsiya loyihasini amalga oshirish ishlariga jami 100 dan ziyod maxsus texnika va 1000 dan ortiq ishchi jalb etilgan. Bugungi kunda zavodda jami 4173 kishi mehnat qilmoqda.

Modernizatsiya ishlarining yakunlanishi Farg‘ona NQIZning mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissasini oshirish imkonini beradi.