Angren shahrida Saneg tarmog‘ining yangi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi ishga tushirildi va bu kompaniyaning 23-AYoQShiga aylandi. Loyiha Saneg brendi ostidagi obyektlarni ekspluatatsiya qilish bilan ham shug‘ullanuvchi SEG Tasco sho‘ba korxonasi tomonidan amalga oshirildi.
Yangi shoxobcha zamonaviy yoqilg‘i tarqatish uskunalari bilan jihozlangan bo‘lib, amaldagi sifat va xavfsizlik standartlariga to‘liq javob beradi. AYoQSh hududida do‘kon va mijozlar uchun qulay xizmat ko‘rsatish zonasi faoliyat yuritadi. Elektromobil egalari uchun zaryadlash stansiyasi, shuningdek, motor moylarini almashtirish punkti ham tashkil etilgan.
“Kompaniya o‘z ishtiroki geografiyasini rivojlantirish va xizmat ko‘rsatish sifatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratgan holda, chakana savdo tarmog‘ini kengaytirish strategiyasini izchil amalga oshirmoqda. Angrenda yangi AYoQShning ochilishi avtomobilchilar uchun zamonaviy infratuzilmani shakllantirish hamda hududlarda xizmatlar ommabopligini oshirishdagi muhim qadamdir”, — deya ta’kidladi SEG Tasco kompaniyasi ijrochi direktori Sherzod Zokirov.
Kompaniya O‘zbekiston hududlarida avtomobillarga yoqilg‘i quyish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishda davom etmoqda. Ayni paytda yana 14 ta avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasining qurilishi yakuniy bosqichda bo‘lib, ularni joriy yilning uchinchi choragi boshlanguniga qadar bosqichma-bosqich foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.