Saneg yangi neft bazasini ishga tushirdi

Saneg yangi neft bazasini ishga tushirdi

849
Saneg yangi neft bazasini ishga tushirdi

Logistika majmuasi Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatini benzin va dizel yoqilg‘isi bilan ta’minlash imkonini beradi. Kunlik yoqilg‘i realizatsiyasi 1,5 ming tonnani tashkil etadi.

Neft mahsulotlarini saqlash va tarqatish terminali Toshkent xalqaro aeroportidagi samoletlarga xizmat ko‘rsatish uchun yoqilg‘i quyish majmuasi hududida joylashgan.

Terminalning asosiy maqsadi temir yo‘l sisternalaridan yengil neft mahsulotlarini qabul qilib olish va ularni keyinchalik qayta yuklash uchun sisternalarda saqlashdan iborat.

Neft mahsulotlarini saqlash uchun umumiy hajmi 12 ming kubometr bo‘lgan 6 ta vertikal po‘latli rezervuardan iborat parkdan foydalaniladi.

“Ayni paytda neft bazasida Farg‘ona NQIZda ishlab chiqarilgan AI-92 va AI-80 rusumli avtobenzinlar hamda dizel yoqilg‘isini yuklash va tushirish ishlari olib borilmoqda. Yangi logistika majmuasining ishga tushirilishi tufayli sifatli yoqilg‘iga ortib borayotgan talabni qondirish va bir soat ichida poytaxtimizdagi yoqilg‘i quyish shoxobchalariga tovar jo‘natishni ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Buning uchun logistika jarayoniga 39 ta yonilg‘i tashuvchi avtomashinalar jalb etilgan”, — dedi Saneg bosh direktorining tijorat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Shernazarov.

Loyihaning umumiy qiymati 10 million AQSh dollarini tashkil etdi. Loyihaning EPC-pudratchisi – Enter Engineering kompaniyasi.