Tanishing: To‘lqin Ergashevich Samukov, Saneg Markaziy kimyoviy tahlil laboratoriyasi (MKTL) rahbari. U qariyb 30-yildan beri neft va gazni tadqiq qilish sohasida ishlab kelayotgan haqiqiy entuziast va o‘z ishining professionali.
U 2020-yildan buyon laboratoriyamizga rahbarlik qilar ekan, yangi sifat standartlarini joriy etib, konlarda, shuningdek, Samarqand xalqaro texnologiya institutida zamonaviy laboratoriyalar yaratmoqda.
2024-yilda To‘lqin Ergashevich gaz kondensatidan erituvchilar olish texnologiyasini ishlab chiqishga bag‘ishlangan doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Bu ish allaqachon tan olingan va O‘zbekiston Respublikasining to‘rtta patenti bilan tasdiqlangan. Ushbu texnologiyani joriy etish neftdan olinadigan import qilinadigan uglevodorodli erituvchilar o‘rini bosish imkonini beradi.
To‘lqin Ergashevich “Gaz kondensatidan rektifikatsiya va ekstraksiya jarayonlari asosida erituvchilar olish texnologiyalarini ishlab chiqish va ularning xossalarini o‘rganish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. U o‘z ishida korxona konlarida qazib chiqariladigan turli gaz kondensatlarining xossalarini o‘rganib, lok-bo‘yoq materiallar, rezina buyumlar, yog‘-moy sanoati uchun erituvchilar, shuningdek, individual aromatik hamda kompozitsion erituvchilar olish usullarini ishlab chiqdi. Dissertatsiya 02.00.08 – Neft va gaz kimyosi va texnologiyasi ixtisosligi bo‘yicha himoya qilingan.
Uning “Gaz kondensatlaridan uglevodorod erituvchilar kimyosi va texnologiyasi” nomli yangi kitobi ham yaqinda nashr etildi. U nafaqat SMTU talabalari va kompaniyamizning bo‘lajak mutaxassislari, balki mamlakatimizdagi boshqa texnik oliygohlar uchun ham foydali bo‘ladi.
To‘lqin Ergashevich shunday deydi: “Hozirgi kunda gaz kondensatlaridan 13 turdagi yangi uglevodorod erituvchilari olingan. Xomashyoning noyob tarkibi chuqur izlanish va qayta ishlash texnologiyasini takomillashtirishni talab qiladi. Bu O‘zbekistonning turli tarmoqlarida neft va gaz resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishning yangi istiqbollarini ochadi. Mazkur ishlanmaning texnik-iqtisodiy samaradorligi g‘oyat salmoqli va agar biz ushbu texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy qilsak, sezilarli moliyaviy natijalarga erishamiz va hududda yangi ish o‘rinlari yaratamiz”.
To‘lqin Ergashevich o‘zini ilmga bag‘ishlaydi, chunki u ilm-fanning insonlar hayotini yaxshilashga qodirligiga ishonadi. Uning fikricha, yangi erituvchilarni ishlab chiqishdagi yutuqlar ulkan yo‘lning bir qismidir. Tadqiqot va ishlanmalar, uning fikricha, barqaror rivojlanish va taraqqiyot sari yo‘ldir.
“Fan bizga murakkab muammolarning yangi yechimlarini va ochiq ufqlarni topish imkonini beradi. Tadqiqotlarimiz foyda keltirishi, mamlakat va sanoat rivojiga hissa qo‘shishi men uchun muhim”, - deydi u.
Bosh direktorning kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari, kadrlar va tashkiliy rivojlanish bo‘yicha direktor Xurshed Xodjimetov shunday dedi: "Hozirda "Saneg"da ikki naar fan doktori va yetti nafar fan nomzodi ishlamoqda. To‘lqin Irgashevich Samukovning yutuqlari kompaniyamizda ilm-fanni rivojlantirish muhimligini va ahamiyatini ta’kidlaydi. Biz uning muvaffaqiyatlaridan faxrlanamiz va ishonamizki, uning faoliyati nafaqat bozordagi mavqeimizni mustahkamlaydi, balki neft-gaz sohasidagi ilmiy va texnologik yutuqlarga hissa qo‘shadi".