4-dekabr kuni Italiyaning Gubbio shahrida Saneg neft-gaz kompaniyasining Yevropadagi neft biznesi operatori – "Saneg Oil Italy" hamkorlarining birinchi konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada Italiyaning barcha mintaqalaridan moylash materiallari va avtomobil ehtiyot qismlarining ulgurji va chakana savdosi bilan professional ravishda shug‘ullanuvchi 30 dan ortiq distribyutorlik kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Anjuman doirasida "Saneg Oil Italy" ijrochi direktori Mauro Nochelli Italiya biznesi vakillariga Saneg brendi ostidagi mahsulotlarni - kompaniyaning Bari shahridagi zavodi tomonidan ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillar, tijorat transporti va sanoat uskunalari uchun moylar hamda surkov moylari qatorini taqdim etdi. Konferensiya ishtirokchilariga marketing va muhandislik-texnik qo‘llab-quvvatlash dasturi ham taqdim etildi.
Bazaviy moylarni ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, shuningdek, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida uskunalar va jarayonlarni texnologik jihatdan takomillashtirishni o‘z ichiga olgan Saneg moylarini rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasi SEG Motol kompaniyasi vakillari - Baxtiyor Asatullayev va Roman Zimovets tomonidan taqdim etildi.
Konferensiyaning maxsus mehmonlari Yevropa moylash materiallari sanoati ittifoqi (UEIL) prezidenti Mattia Adani va Italiya moylash materiallari uyushmasi (GAIL) maslahatchisi Renato Fioreze Yevropada sohaning so‘nggi rivojlanish tendensiyalari haqida so‘zlab berishdi.
"Biz bazaviy moylar ishlab chiqaradigan Saneg kompaniyasining bir qismi bo‘lganimizdan xursandmiz. Biz Farg‘ona NQIZning bazaviy moylarini, birinchi navbatda, bozorning sanoat segmentiga, tovar moylari hamda surkov moylarini ishlab chiqarishga jalb qilish imkonini beradigan retsepturalar ustida faol ishlayapmiz. Bu nafaqat Italiyada, balki Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlarida ham Saneg brendini rivojlantirish uchun yaxshi raqobatdosh ustunlik beradi", – dedi "Saneg Oil Italy" ijrochi direktori Mauro Nochelli.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda Italiyada Saneg brendi ostida 4 mingdan ortiq moy va surkov materiallari sotilgan.