Saneg ta’sischisi bo‘lgan Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) o‘z faoliyatining uch yilligini tantanali ravishda nishonladi. Bayram "Silk Road Samarkand" sayyohlik majmuasining "Boqiy shahar" hududida o‘tkazildi.
2023-yilda VI Makon Marketing Forum Xalqaro biznes forumining “Taʼlim” yo‘nalishi bo‘yicha “Yil brendi” deb tan olingan SIUT 2022-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoniga binoan tashkil etilgan edi. Ushbu hujjatning 49-maqsadiga muvofiq, “xorijiy davlatlarning yetakchi texnika oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda Samarqand texnologiya universitetini tashkil etish” rejalashtirilgan edi.
Universitetning uch yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda oliy taʼlim muassasasi rektori, professor Yusuf Abdullayev universitet faoliyatini sarhisob qilib, uning asosiy yutuqlari va istiqboldagi rejalarini eʼlon qildi.
“Uch yil – bu ulkan maqsadlarimizga erishish yo‘lining boshlanishi, xolos! Biz mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shishga tayyor bo‘lgan munosib muhandis va texnologlar avlodini tarbiyalab, yangi maqsadlar sari tinimsiz intilmoqdamiz!”, - deya taʼkidladi rektor.
Tantanali tadbirda SIUT Vasiylik kengashi raisi Baxtiyor Fazilovning tabrigi ham o‘qib eshittirildi.
“Oliy taʼlim muassasasidagi o‘quv jarayoni taʼlim, ishlab chiqarish amaliyoti va ilmiy-tadqiqot ishlarining uyg‘unligini namoyon qilishi quvonarli holdir. Bularning barchasi universitet talabalarining O‘zbekistonning yetakchi sanoat korporatsiyalari tomonidan keng talab qilinishiga xizmat qiladi. Chin dildan umid qilamanki, eng zamonaviy jahon standartlari asosida qurilayotgan yangi kampusga ko‘chib o‘tish yaqin kelajakda amalga oshiriladi”, - deyildi tabrikda.
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti keng qamrovli muhandislarni tayyorlashni maqsad qilib qo‘ygan bo‘lib, bu yo‘lda dunyoning 18 mamlakatidan 50 dan ortiq malakali xorijiy professor va o‘qituvchilar jalb etilgan.
Universitet ilg‘or taʼlim xizmatlari bozorida tobora faol o‘rin egallayotgani natijasida “Yosh ziyokor” uyushmasi tomonidan eʼlon qilingan reytingda O‘zbekistondagi 76 ta nodavlat oliy taʼlim muassasasi orasida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
2023-2024-yillarda universitet Scienceweb maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalarining milliy ilmiy tadqiqot maʼlumotlar bazasida doimiy ravishda eng yaxshi uchtalikka kirib kelmoqda. Tanlov mezonlari olimlarning o‘rtacha Xirsha indeksi, ularning xalqaro jurnallarda chop etilgan va Scopus, Web of Science va Google Schooler kabi global maʼlumotlar bazalarida indekslangan maqolalariga havolalar soni bilan belgilanadi.
InnoWeek-2023 doirasida o‘tkazilgan tadbirda SIUT “Ijodiy taʼlim va Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining innovatsion poydevorini yaratishga qo‘shgan hissasi uchun” sertifikat bilan taqdirlandi.