Saneg neft-gaz kompaniyasi yangi sho‘ba korxonasi – Saneg JetWhites tashkil etilganini e’lon qiladi, u ham mahalliy, ham import qilinadigan aviatsiya yoqilg‘isini sotish bo‘yicha operatorga aylanadi. Yangi brend Saneg kompaniyasining aviatsiya yoqilg‘isi bozoriga chiqish va neft-gaz sanoatining yuqori texnologiyali segmentlarida o‘z mavqeini mustahkamlash bo‘yicha strategik yo‘nalishining bir qismi bo‘ladi.
Saneg JetWhites Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi (FNQIZ) mahsulotlarini, shu jumladan, mahalliy va xalqaro sifat standartlariga muvofiq ishlab chiqariladigan TС-1, JET A-1 aviatsiya yoqilg‘ilari va SSF markali aviakerosinni sotish bilan shug‘ullanadi.
“Saneg JetWhites”ning yaratilishi shunchaki tarkibiy kengayish emas. Biz barqaror hajm, yuqori sifat va logistikaning moslashuvchanligini ta’minlagan holda aviakompaniyalar uchun ishonchli yetkazib beruvchiga aylana oladigan to‘laqonli platformani yaratmoqdamiz. Bugungi kunda Toshkentdagi yoqilg‘i quyish majmuamiz yiliga 400 ming tonnagacha mahsulot sotish quvvatiga ega – bu respublikaning aviayoqilg‘iga bo‘lgan umumiy ehtiyojining qariyb 80 foizini tashkil etadi. Biz muammolar ko‘lamini tushunib turibmiz va sohaning milliy ahamiyatiga mos keladigan infratuzilmani yaratmoqdamiz. Bu Saneg vertikal integratsiyalashgan modelini rivojlantirishning yangi bosqichidir”, – dedi Saneg bosh direktori To‘lqin Yusupov.
Hajmlarni oshirish va texnologik baza
FNQIZ hozirning o‘zidayoq yuqori sifatli aviayoqilg‘i ishlab chiqarish uchun zarur quvvatlar va texnologiyalarga ega. 2025-yilda yarim sintetik SSF aviakerosin ishlab chiqarish hajmini yiliga 240 ming tonnagacha, 2030-yilga kelib esa 500 ming tonnagacha oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, bu mahalliy aviatashuvchilar ehtiyojining sezilarli qismini qoplash imkonini beradi.
"SSF yarim sintetik yoqilg‘isini ishlab chiqarish aviatsiya sanoatining barqaror rivojlanishiga qo‘shilgan hissadir. Bunday yondashuv ekologik toza va samarali yoqilg‘i turlari bo‘yicha xalqaro tendensiyalarga mos keladi”, – dedi FNQIZ direktori Zafarjon Teshaboyev.
Kompaniya bozorga taqdim etiladigan mahsulotlar turini yanada kengaytirishni rejalashtirmoqda. Hozirgi vaqtda Saneg kompaniyasining ilmiy va ishlab chiqarish bo‘linmalari eng yuqori xalqaro talablarga javob beradigan to‘liq sintetik aviakerosin ishlab chiqarishni tashkil etish texnologiyasini joriy etish ustida ish olib bormoqda. Bu ichki bozor uchun ham, ekologik toza mahsulotlar eksporti uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Logistika va saqlash infratuzilmasi
O‘zi ishlab chiqargan mahsulotlarni sotishdan tashqari, Saneg JetWhites oyiga 5-10 ming tonnagacha import qilinadigan aviakerosinni muntazam ravishda yetkazib beradi. Ushbu hajmlar O‘zbekistonga parvozlarni amalga oshiruvchi xorijiy aviakompaniyalarning ehtiyojlarini o‘z vaqtida qondirish va tig‘iz davrlarda moslashuvchanlikni ta’minlash imkonini beradi.
Ta’minotni barqarorlashtirish uchun kompaniya Samarqand va Buxoroda saqlash infratuzilmasini rivojlantirishni ham rejalashtirmoqda. Aeroportlarni uzluksiz ta’minlash hamda samarali logistika zanjirini shakllantirishda terminallar muhim ro‘l o‘ynaydi.
“Vazifamiz – bir vaqtning o‘zida ham moslashuvchan, ham texnologik hamda mijozlar ehtiyojlariga yo‘naltirilgan aviatsiya yoqilg‘isini yetkazib berishning samarali tizimini yaratishdan iborat. Biz aviatsiya sanoatining yuqori talablarini tushunamiz va uning ishonchli hamkori bo‘lishga intilamiz”, – deya ta’kidladi Saneg JetWhites direktori Azizbek Gayupov.