Saneg Farg‘ona NQIZda bazaviy moylar sifatini oshirish dasturining birinchi bosqichini yakunladi

Saneg Farg‘ona NQIZda bazaviy moylar sifatini oshirish dasturining birinchi bosqichini yakunladi

113
Saneg Farg‘ona NQIZda bazaviy moylar sifatini oshirish dasturining birinchi bosqichini yakunladi

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida uglevodorod xomashyosini birlamchi qayta ishlashning asosiy inshootlaridan biri bo‘lgan AVT-2 qurilmasini rekonstruksiyalash ishlarining birinchi bosqichi nihoyasiga yetdi. Mazkur loyiha bazaviy moylar sifatini oshirish dasturi doirasida amalga oshirilib, qimmatli fraksiyalarni ajratib olish samaradorligini oshirish hamda mahsulotlarning xalqaro standartlarga mosligini ta’minlashga qaratilgan.

Modernizatsiya jarayonida atmosfera va vakuum kolonnalarining ichki qurilmalari Rossiyaning “IMPA Engineering Ltd” hamda Shveysariyaning “Sulzer AG” kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy qo‘shilmalarga almashtirildi. Bundan tashqari, sirkulyatsiya texnologik sxemasi, quvurlar tizimi, avtomatik boshqaruv tizimlari va nazorat-o‘lchov uskunalari yangilandi.

Asosiy natijalar:

  • Mazut tarkibidagi yengil fraksiyalar miqdori 5 foizgacha pasaytirildi (ilgari kamida 15 foiz edi)
  • Kerosin va dizel fraksiyalarini ajratib olish 9 foizdan ziyodroqqa oshirildi
  • Moyli distillyatlarning fizik-kimyoviy xususiyatlari sezilarli darajada yaxshilandi
  • Chaqnash harorati ko‘tarildi va moyli fraksiyalarning bug‘lanishi pasaydi
  • Gudronning qovushqoqligi oshdi, bu esa REACH standartlariga muvofiq Bright Stock qoldiq moylarini ishlab chiqarish imkonini beradi

Ushbu o‘zgarishlar tufayli Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilayotgan asosiy mineral moylar endi nufuzli xalqaro standartlar – API va Yevropaning REACH talablariga barqaror ravishda javob bermoqda. Yangilangan qurilma mahsulot hajmini kamaytirmasdan SN-100, SN-150, SN-350, SN-500, SN-600, SN-900 va SN-1200 moylar turkumini ishlab chiqarish imkonini beradi.

Loyihaning noyobligi shundaki, ishlab chiqilgan yechimlar Farg‘ona NQIZ xomashyo zaxirasining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda moslashtirilgan. IMPA Engineering Ltd tomonidan amalga oshirilgan ayrim muhandislik yechimlari o‘xshashi yo‘q va qayta ishlashning eng yuqori samaradorligiga erishishga qaratilgan.

Bu keng ko‘lamli modernizatsiyaning birinchi bosqichi bo‘lib, oldinda AVT-2 qurilmasini yanada takomillashtirish, moy liniyasi ishlab chiqarishini rekonstruksiya qilish hamda aralashtirish va tovar moylarini ishlab chiqarish tizimlarini avtomatlashtirish rejalari turibdi.

“Asosiy natija – SEG Motol brendi ostida ishlab chiqariladigan tovar mahsulotlarida foydalaniladigan bazaviy moylarning sifatini yaxshilashdan iborat. Biz Yevropaning yetakchi yetkazib beruvchilarining qo‘shilmalarini qo‘llaganimiz tufayli, o‘zimizda ishlab chiqarilgan bazaviy moylar motor va sanoat moylarining API, DIN, SAE, ISO, ILSAC standartlariga to‘liq muvofiqligini kafolatlaydi”, - ta’kidladi Saneg bosh direktori To‘lqin Yusupov.