Mazkur loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekiston Respublikasida aviakerosinga bo‘lgan ichki talabni qoplash darajasini hozirgi 40-50 foizdan 70-80 foizgacha ko‘tarish imkoniyatini yaratadi.
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi Uzbekistan GTL korxonasida ishlab chiqarilayotgan sintetik kerosin komponentini qo‘shgan holda Jet A1 aviatsiya yoqilg‘isini seriyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.
Loyiha operatori sifatida mahalliy va import qilingan aviatsiya yoqilg‘isini sotishga ixtisoslashgan Saneg JetWhites kompaniyasidir.
Loyihani amalga oshirish maqsadida Saneg mutaxassislari bosqichma-bosqich reja ishlab chiqishdi hamda I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti (Moskva shahri) bilan yarim sintetik aviakerosin namunalarini texnologik muvofiqlashtirish va sinovdan o‘tkazish bo‘yicha shartnoma imzolashdi. Tadqiqotlar xalqaro amaliyotda qabul qilingan malakaviy baholash usullari majmuasi asosida olib borildi.
Sinov natijalariga ko‘ra, ijobiy xulosalar va sanoat ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar olindi. Bu Farg‘ona NQIZda ishlab chiqarilgan Jet A-1 yarim sintetik kerosinni fuqaro aviatsiyasi havo kemalariga yoqilg‘i quyish uchun ishlatish uchun O‘zbekiston Respublikasi "Uzaviatsiya" aviatsiya ma’muriyatining rasmiy ruxsatini olish imkonini berdi.
Jet A1 yarim sintetik aviakerosini Uzbekistan GTL zavodida ishlab chiqarilgan sintetik komponent (40%) va FNQIZda ishlab chiqarilgan an’anaviy Jet A1 yoqilg‘isi (60%) aralashmasidan iborat. Bunday kombinatsiya yuqori ekspluatatsion xususiyatlarni ta’minlab beradi: yonish sifati yaxshilanadi, termooksidlanish barqarorligi va xalqaro standartlarga muvofiqligi, eng muhimi – O‘zbekistonda tanqis bo‘lgan aviatsiya kerosini ishlab chiqarish hajmini 60 foizdan ko‘proqqa oshirish imkonini beradi.
"Jet A1 yarim sintetik aviakerosini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish mamlakatimizning yoqilg‘i xavfsizligini oshirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Biz aviakerosinga bo‘lgan ichki talabning katta qismini qiplash va mahsulotning texnologikligi borasida sifat jihatidan yangi darajaga chiqish niyatidamiz", – deya izoh berdi Saneg JetWhites kompaniyasi direktori Azizbek Gayupov.
Birinchi bosqichda ishlab chiqarish hajmi oyiga 10 ming tonnagacha yetadi, ikkinchi bosqichda esa bu ko‘rsatkichni 20-25 ming tonnagacha oshirish imkoniyati mavjud.