SIUT “Science and Innovation Awards 2025”da eng innovatsion oliy ta’lim muassasasi deb e’tirof etildi

SIUT “Science and Innovation Awards 2025”da eng innovatsion oliy ta’lim muassasasi deb e’tirof etildi

37
SIUT “Science and Innovation Awards 2025”da eng innovatsion oliy ta’lim muassasasi deb e’tirof etildi

2025-yil yakuni Saneg kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan Samarqand xalqaro texnologiya universiteti, uchun yana bir muhim va ramziy yutuq bilan tarixga muhrlanmoqda. Mamlakatimiz ilm-fan hayotidagi eng nufuzli tanlovlardan biri - “Science and Innovation Awards 2025” doirasida SIUT oliy ta’lim va ilmiy faoliyat sohasidagi izchil ishlari, innovatsion yondashuvlari hamda ilmga tayangan strategik rivojlanishi uchun yuksak e’tirofga sazovor bo‘lib, “Yilning eng innovatsion universiteti” nominatsiyasida oliy mukofot bilan taqdirlandi.

Joriy yilning 20-dekabr sanasida Toshkent shahridagi “Turkiston” san’at saroyida bo‘lib o‘tgan tantanali mukofotlash marosimi mamlakat ilmiy jamoatchiligi uchun muhim voqeaga aylandi.

“Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali tashabbusi bilan an’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan ushbu nufuzli tadbir yil davomida ilm-fan, ta’lim va innovatsiyalar rivojiga munosib hissa qo‘shgan yetakchi olimlar, ilmiy markazlar hamda oliy ta’lim muassasalarini e’tirof etishga qaratilgan.

Ta’kidlash joizki, SIUT mazkur tanlovda ketma-ket ikki yildan buyon ishtirok etib kelmoqda. Joriy yil esa bu ishtirok muhim natija bilan yakunlandi. SIUT uchun mazkur e’tirof izchil rivojlanish, puxta strategiya va butun universitet jamoasining tizimli mehnati samarasidir.

Festival reglamentiga muvofiq, ushbu nominatsiyada ishtirok etgan oliy ta’lim muassasalari 18 ta asosiy mezon asosida baholandi. Har bir mezon 2 dan 10 ballgacha baholanib, maksimal natija 100 ballni tashkil etdi. Mustaqil ekspertlar tomonidan o‘tkazilgan har tomonlama tahlil yakunlariga ko‘ra, SIUT yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etib, mezonlar bo‘yicha yetakchi natijalarni namoyon etdi.

Universitet faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim, barcha yo‘nalishlarda dual ta’lim tizimini joriy etish, zamonaviy pedagogik hamda innovatsion metodlarni qo‘llash, shuningdek, talabalarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga faol jalb etishdan iborat. Ushbu yondashuv natijasida SIUT talabalari xalqaro forumlar, konferensiyalar, xakatonlar va muhandislik maktablarida muntazam ravishda yuqori natijalarga erishib kelmoqda. Bu esa universitetda xalqaro muhandislik ta’limi standartlari asosida, xorijiy professorlar va soha ekspertlari ishtirokida olib borilayotgan ta’lim jarayonining samaradorligini ko‘rsatadi.

SIUTning ilmiy nashrlar sohasidagi hissasi ham alohida e’tiborga loyiq. Jumladan, universitetning fan va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor Tulkun Samukov muallifligidagi “Neft va gazni qayta ishlash kimyosi” nomli o‘quv qo‘llanmasi yilning eng yaxshi 10 ta ilmiy nashri qatoridan joy oldi.

Shuningdek, universitet kutubxonasi orqali Web of Science, Springer, EBSCO, ProQuest, ACM Digital Library, Britannica Academic, MSP kabi yetakchi xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazalariga taqdim etilgan ochiq kirish SIUTda chuqur va sifatli tadqiqotlar olib borish, ko‘p tilli ilmiy manbalar bilan ishlash hamda universitetning global akademik hamjamiyatga integratsiyalashuvi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

“Bu yutuqlar Samarqand xalqaro texnologiya universiteti jamoasining izchil mehnati va to‘g‘ri tanlangan rivojlanish strategiyasi natijasidir. Biz uchun bu e’tirof katta mas’uliyat va ishonchdir. SIUTda ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalarni uyg‘un rivojlantirish ustuvor vazifa bo‘lib kelmoqda. Ushbu mukofot bizni yanada yuksak marralar sari dadil qadam tashlashga undaydi”, dedi SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayev.

“Science and Innovation Awards 2025” marosimida vazirlik va idoralar mas’ullari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, akademiklar, professor-olimlar, ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tadbir dasturidan ilmiy ensiklopediyalar taqdimoti, ta’lim va ilm-fan muassasalari ko‘rgazmalari hamda madaniy dasturlar o‘rin oldi.

Muxtasar qilib aytganda, 2025-yil SIUT uchun yana bir nufuzli tanlovdagi e’tirof bilan yakunlanmoqda. “Yilning eng innovatsion universitet” unvoni SIUTda ilm-fan va innovatsiyalar yo‘nalishida olib borilayotgan tizimli ishlar hamda zamonaviy muhandislik ta’limi ehtiyojlariga yo‘naltirilgan tashabbuslarning amaliy ahamiyatini aks ettiradi. Mazkur natija SIUT jamoasining izchil mehnati va kelajak sari aniq strategiya asosida olib borilayotgan faoliyatining mantiqiy davomidir.