Yo‘ldosh gazlarni utilizatsiya qilish – iqtisodiyot va ekologiyaga qo‘shiladigan hissa

Yo‘ldosh gazlarni utilizatsiya qilish – iqtisodiyot va ekologiyaga qo‘shiladigan hissa

882
Yo‘ldosh gazlarni utilizatsiya qilish – iqtisodiyot va ekologiyaga qo‘shiladigan hissa

Saneg neft-gaz kompaniyasi GRDC ilmiy-texnologiya markazi bilan hamkorlikda Qashqadaryo viloyatidagi konlarda yo‘ldosh neft gazini (YNG) utilizatsiya qilish dasturini ishga tushirdi.

O‘zbekistonda ilk bor qo‘llanilayotgan utilizatsiya texnologiyasi YNGni siqish va keyinchalik uni tayyorlash hamda qayta ishlash obyektlariga tashish uchun modulli kompressor qurilmalardan foydalanishni nazarda tutadi.

Loyiha doirasida ikkita - “Shimoliy Sho‘rtan” va “Shimoliy O‘rtabuloq” modulli kompressor qurilmalarini qurish, gazni seolit quritish va tozalash, shuningdek, gaz ta’minoti quvurlarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

GRDC hozirda mash’alada yondirilayotgan yo‘ldosh neft gazidan foydalanish strategiyasi konsepsiyasini ishlab chiqdi va unga tashabbuskorlik qilmoqda. Loyihaning ERS-pudratchisi Enter Engineering kompaniyasi bo‘lib, u loyihaning birinchi bosqichi doirasida qurilish-montaj va ishga tushirish ishlarini yakunladi.

Yo‘ldosh neft gazi – neftda erigan yoki neft konlarining gazli “qopqoqlarida” joylashgan, neft bilan birga olinadigan tabiiy uglevodorod gazi. YNGni yondirish atrof-muhitga, inson salomatligiga katta zarar yetkazadi. shuningdek, katta iqtisodiy yo‘qotishlarga olib keladi - nafsilambrini aytganda, tijorat mahsulotlari samarasiz foydalaniladi.

Birinchi bosqichda loyiha yer qa’ridan foydalanish huquqi “Saneg”da bo‘lgan “Shimoliy Sho‘rtan” va “To‘rtsari” konlarida amalga oshirilmoqda. Ikki konda YNGdan foydalanishning umumiy miqdori kuniga 53 000 kub metrni (soatiga 2200 kubometr) tashkil etadi.

Ayni paytda loyihaning ikkinchi bosqichi doirasida ikkinchi kompressor agregatini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda, uning yordamida "Yangi Qoratepa", "Qoratepa", "Ruboiy" konlaridan sutkasiga 60-70 ming kubometr miqdordagi past bosimli gaz utilizatsiya qilinadi.

“YNGni utilizatsiya qilish yo‘lidagi asosiy to‘siq konlarning uzoq masofada joylashganligi va infratuzilmaning rivojlanmaganligi bo‘lib qolmoqda, - deydi Saneg bosh direktori To‘lqin Yusupov. – Resurslarni optimallashtirish orqali biz YNGni maqsadsiz yoqish o‘rniga, undan unumli foydalanamiz. Tayyorlangan gaz aholi ehtiyojlariga yo‘naltiriladi, xususan, gaz shohobchalarida sotish, shuningdek, gaz porshenli elektr stansiyalarida elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun. Shunday qilib, biz ham ekologik, ham iqtisodiy samaraga erishamiz”.