Saneg mutaxassislari Andijon konining yangi mahsuldor ufqini kashf etdilar

Saneg mutaxassislari Andijon konining yangi mahsuldor ufqini kashf etdilar

1342
Saneg mutaxassislari Andijon konining yangi mahsuldor ufqini kashf etdilar

Quduq kesimlarini o‘rganishning ilg‘or texnologiyalari va usullarini qo‘llash hisobiga Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida joylashgan “Andijon konida” g‘isht rangli svita* qatlamini aniqlash imkoni tug‘ildi.

Shu tariqa, suvlangan quduqlardan birida qo‘shimcha geologik-texnik tadbirlar o‘tkazish, xususan, xalqaro kompaniyani jalb etgan holda gamma hamda neytron-neytronli karotaj texnologiyasidan foydalanish geofizik tadqiqotlarning yangilangan ma’lumotlarini olish va ular asosida 320–323 metr intervalda teshish-portlatish ishlarini amalga oshirish imkonini berdi.

Natijada sutkalik 8 tonna neft va yo‘ldosh gaz oqimini olish mumkin bo‘ldi. Hududning neftli tarkibini hisobga olgan holda bu yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi.

“Saneg korxonalarida qo‘llanilayotgan eng so‘nggi texnologiyalar tufayli biz neftni ilgari payqalmagan joyda “ko‘rish” imkoniga ega bo‘ldik. Endilikda aniqlangan uchastkada qazib chiqarish hajmini oshirish maqsadida qo‘shimcha 12 ta quduqni qazish, ikkita yon tana kesish operatsiyalarini o‘tkazish va boshqa bir qator geologik-texnik tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu neftning sutkalik qo‘shimcha 46 tonnaga ko‘payishini ta’minlash imkonini beradi”, — deydi Saneg ijrochi direktori To‘lqin Tursunboyevich Yusupov.

Ta’kidlash joizki, “Andijon” konining nefti yengil, kam oltingugurtli va yopishqoqligi past xususiyatlarga ega bo‘lib, buning natijasida xomashyoni qayta ishlash jarayonida yuqori sifatli mahsulot olish mumkin. Ayni paytda kondan sutkalik debiti 75 tonna bo‘lgan 135 ta quduqda qazish ishlari amalga oshirilmoqda.

* "Svita" atamasining o‘zi professional leksikaga 1881-yilda Boloniyada bo‘lib o‘tgan II Xalqaro geologiya kongressidan keyin kirib kelgan. Svita tarkibidagi jinslarning ustun rangi bilan ajralib turadi va o‘sha yillardagi ilmiy ishlarda “neogen davridagi Farg‘onaning g‘isht rangli svitasi” degan atama bilan tilga olinar edi.