Saneg — O‘zbekistondagi vertikal integratsiyalashgan siklli eng yirik neft va gaz kompaniyalaridan biri. Kompaniya O‘zbekiston Respublikasida neft qazib olishni ko‘paytirish davlat dasturi ijrochisi bo‘lib, 103 ta neft konida yer qa’ridan foydalanish huquqiga ega.
2019-yilda “Saneg”ga konlar topshirilgan vaqtda umumiy neft qazib olish hajmi yiliga 378 ming tonnani tashkil etar edi. 2022-yilda kompaniya qazib chiqarishni 586 ming tonnaga yetkazishga muvaffaq bo‘ldi.
Mazkur xususiy kompaniyaning $750 mln.dan ortiq asosiy investitsiyalari ham neft, ham gaz sohalarini rivojlantirishga qaratilgan.
103 ta neft konida qidiruv ishlari oldidan olib borilgan izlanishlar doirasida Saneg mutaxassislari 78 ta konda gaz uyumlari mavjud hududlarni aniqladi, ulardan 33 tasi hozirda o‘zlashtirilmoqda.
Shu tariqa, 2021-yildan 2022-yilgacha bo‘lgan davrda kompaniya gaz qazib olishni 3,5 barobarga - yiliga 389 mln m3.dan 1,4 mlrd m3.gacha oshirishga muvaffaq bo‘ldi.
Neft qazib olish va qayta ishlash jarayonida konlarda ajraladigan yo‘ldosh neft gazini utilizatsiya qilish dasturining ishga tushirilishi kompaniya rivojiga katta turtki berdi.
Mash’ala gazlarini utilizatsiya qilish maqsadsiz yoqib yuboriladigan gazni tejash va “O‘ztransgaz” AK gaz uzatish tizimi orqali aholi ehtiyojlari uchun jo‘natish imkonini beradi.
“Shimoliy Sho‘rtan”, “Shirkent” va “To‘rtsari” konlarida 30 yildan buyon yo‘ldosh neft gazi yoqib kelinayotgan edi. Mash’ala gazlarini utilizatsiya qilish dasturi mash’aladan foydalanmasdan gazni seolitni tozalash inshootlarida separatsiya qilish va qayta ishlash yo‘li bilan tayyorlash uchun yo‘naltirishni ko‘zda tutadi”, — dedi Saneg ijrochi direktori To‘lqin Yusupov.
Mash’ala gazlaridan foydalanish dasturini amalga oshirishga yo‘naltirilgan investitsiyalarning umumiy hajmi $12,mln.ni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda O‘zbekistondagi gaz qazib olish hajmining qariyb 5 foizi Saneg hissasiga to‘g‘ri keladi. 2026-yilgacha ishlab chiqarish dasturi doirasida kompaniya gaz qazib olishni 3 mlrd m3.ga yetkazmoqchi. Asosan, Buxoro-Xiva neft-gaz hududidagi konlarni o‘zlashtirish, zamonaviy geologiya-qidiruv texnologiyalarini jalb qilish hisobiga hajmlarni oshirishga erishish rejalashtirilgan.
“Yangi mahsuldor ufqlarda yer qa’rining neft-gaz salohiyatini aniqlash uchun o‘ta chuqur quduqlarni burg‘ilash, kompaniya investitsiya obyektlarida, jumladan, Ustyurt hududida 3D qamrovli seysmik tadqiqotlarni o‘tkazish kabilar hozirgi vaqtda istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi. Yangilangan ma’lumotlarni olgach, biz o‘zimizning operatsion faoliyatimizni kengaytirishning, shuningdek, kompaniyanining ishlab chiqarish quvvatlarini yangi darajaga olib chiqishning uddasidan chiqa olamiz”, — ta’kidladi To‘lqin Yusupov.