Saneg Italiyaning neft va moylash materiallari ishlab chiqaruvchi “CGC Lubricants Italy” kompaniyasini sotib olganini e’lon qiladi

Saneg Italiyaning neft va moylash materiallari ishlab chiqaruvchi “CGC Lubricants Italy” kompaniyasini sotib olganini e’lon qiladi

4126
Saneg Italiyaning neft va moylash materiallari ishlab chiqaruvchi “CGC Lubricants Italy” kompaniyasini sotib olganini e’lon qiladi

O‘zbekistondagi eng yirik xususiy neft-gaz kompaniyasi – Saneg Italiyaning yuqori sifatli avtomobil va sanoat moylari hamda moylash materiallari ishlab chiqaruvchi – “CGC Lubricants Italy S.P.A.” kompaniyasini sotib olganini e’lon qildi. Ushbu xarid orqali Saneg Yevropa bozorida o‘z o‘rnini sezilarli darajada kengaytiradi va moylash sanoatida texnologiya yetakchisi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi.

Bundan tashqari, “CGC Lubricants Italy” kompaniyasi O‘zbekistonda yetakchi texnik moylar ishlab chiqaruvchi Saneg kompaniyasining sho‘ba korxonasi - SEG Motol bilan strategik hamkorlik shartnomasi tuzdi.

Bitim natijasida kompaniyaning “CGC Lubricants Italy” nomi “SANEG OIL ITALY S.P.A.” ga almashtirildi.

Italiya kompaniyasini sotib olish moylash sanoatidagi ikki ko‘zga ko‘ringan o‘yinchi birlashganidan dalolat beradi. “CGC Lubricants Italy” Bari shahrida 19 nafar malakali mutaxassislarni ish bilan ta’minlaydigan zamonaviy ishlab chiqarish zavodiga, shuningdek, Rim shahrida 11 nafar xodimga ega tijorat ofisiga ega.

“Saneg” kompaniyasi Boshqaruv Raisi Baxtiyor Fozilov shunday fikr bildirdi:

“Ushbu xarid Sanegning biznesni kengaytirish strategiyasidagi muhim bosqich hisoblanadi. Ikki kompaniya o‘rtasidagi sinergiya Sanegning Yevropa bozoridagi ishtirokini kengaytiribgina qolmay, balki uning O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi moylash materiallari sanoatining texnologik yetakchisi sifatidagi mavqeini ham mustahkamlaydi. Bu kompaniyaning mamlakat iste’molchilarini zarur sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash, shu orqali import o‘rnini bosishga hissa qo‘shish istagiga to‘liq mos keladi”.

Saneg bosh direktori To‘lqin Yusupov:

“Kompaniyaning Bari shahridagi zavodida akkreditatsiyadan o‘tgan ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi mavjud bo‘lib, u doimiy ravishda innovatsiyalarni joriy etib keladi, keng turdagi yangi moylash materiallarini ishlab chiqadi. Bu tajriba Sanegning Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida (FNQIZ) ham qo‘llaniladi. “SANEG OIL ITALY S.P.A.” ilg‘or texnologiyalari va nou-xaulari O‘zbekistonda moylash materiallari ishlab chiqarish hajmini oshirishga imkon beradi”.

Korxonada ishlab chiqarish jarayonlari yuqori darajada avtomatlashtirilgan bo‘lib, 200 dan ortiq turdagi moylash materiallarini samarali va izchil ishlab chiqarishni ta’minlaydi.

Saneg, shuningdek, Italiya, Fransiya, Ispaniya va Portugaliyada har yili 26 ming tonnagacha mahsulot yetkazib beriladigan keng distribyutorlik tarmog‘iga kirish orqali Italiya va Yevropa moylash materiallari bozorida salmoqli ulushga ega bo‘ladi, o‘z navbatida, “CGC Lubricants Italiya” FNQIZ uchun yuqori texnologiyali mahsulotlarning strategik yetkazib beruvchiga aylanadi va shu orqali O‘zbekiston hamda undan tashqaridagi bozorlarga uzluksiz mahsulot yetkazib berilishini ta’minlaydi.

Ushbu xarid ilmiy, texnologik va tijorat sohalarida hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi. Kelishuvning asosiy parametrlari retsepturalar va texnologiyalar sohasida tajriba almashish, shuningdek, FNQIZ tomonidan ishlab chiqarilgan bazaviy moylar uchun Yevropa xavfsizlik sertifikatlarini olish kabilarni o‘z ichiga oladi.