Saneg o‘z ishlab chiqarish majmuasining bir qismi sifatida Bari shahrida moy va moylash materiallari zavodi taqdimotini o‘tkazdi

Saneg o‘z ishlab chiqarish majmuasining bir qismi sifatida Bari shahrida moy va moylash materiallari zavodi taqdimotini o‘tkazdi

1385

Bari (Italiya) shahrining sanoat zonasidagi zavodning tantanali ochilish marosimi shahar meri o‘rinbosari Eujenio Di Skiashio hamda O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi Abat Fayzullayev ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Italiya tomoni vakili Eujenio Di Skiashio Saneg kompaniyasini Apuliya hududida qarshilashdan mamnun ekanligini bildirdi va O‘zbekiston kompaniyasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashni va’da berdi. O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi Abat Fayzullayev davlatlararo integratsiya va ishlab chiqarishga oid bunday loyihalarni amalga oshirishning ahamiyatini ta’kidladi.

Mehmonlar va xodimlarga Saneg kompaniyasining moylash materiallari biznesini rivojlantirish rejalari, brendning yangilangan dizayni hamda italiyalik va o‘zbekistonlik iste’molchilarni yuqori sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash bo‘yicha yangi imkoniyatlar taqdim etildi.

Baridagi zavodda ishlab chiqariladigan Saneg mahsulotlari Italiya, Gretsiya, Fransiya, Ispaniya va boshqa Yevropa mamlakatlari bozorlariga chiqariladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlariga yetkazib beriladi.

"Sanegning strategik maqsadi - bazaviy moylarni ishlab chiqarish va sotishdan tovar mahsulotlari - motor, transmissiya, turli xil sanoat moylari ishlab chiqarish va sotishga o‘tishdan iborat. Ayni paytda Italiyada mahsulotlar assortimenti va kerakli retsepturalarni shakllantirish ishlari olib borilmoqda. Kelgusida FNQIZda Yevropa texnologiyalari hamda mahsulot assortimentining bir qismini mahalliylashtirish rejalashtirilgan”, — ta’kidladi Saneg bosh direktori To‘lqin Yusupov.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida Saneg Italiyaning yuqori sifatli avtomobil va sanoat moylari hamda moylash materiallari ishlab chiqaruvchi CGC Lubricants Italy S.P.A kompaniyasini sotib olganini e’lon qilgan edi. Bitim natijasida CGC Lubricants Italy nomi SANEG OIL ITALY S.P.A. ga o‘zgartirildi.

Zavodni sotib olish Sanegga neft qazib olish, uni Farg‘ona NQIZda qayta ishlashdan tortib, bazavviy moylar va keng assortimentdagi moylash materiallari ko‘rinishidagi tovar mahsulotlarini chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq zanjirni qamrab olgan O‘zbekistondagi dastlabki kompaniyaga aylanish imkonini beradi.