Air Products va Saneg O‘zbekistonda 140 million dollarlik aktivlarni sotib olish bo‘yicha kelishuvni e’lon qiladi

Air Products va Saneg O‘zbekistonda 140 million dollarlik aktivlarni sotib olish bo‘yicha kelishuvni e’lon qiladi

3594
Air Products va Saneg O‘zbekistonda 140 million dollarlik aktivlarni sotib olish bo‘yicha kelishuvni e’lon qiladi

Farg‘ona NQIZ ishlab chiqarish aktivlarini bir qismini Air Products kompaniyasiga o‘tkazish orqali vodorodni sanoat ishlab chiqarishini boshlaydi.

Vodorod yetkazib berish bo‘yicha jahonning yetakchi "Air Products" kompaniyasi bugun Farg‘ona NQIZda ushbu turdagi xomashyoni ishlab chiqarish bo‘yicha "Saneg" aktivlarini sotib olishga qaror qilganini ma’lum qildi.

Ushbu strategik kelishuv korxonani modernizatsiya qilishning global jarayoniga muvofiq kelib, uning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va maqbullashtirishda muhim qadam hisoblanadi. Ta’kidlash joizki, loyiha O‘zbekistonning sanoat bozorlarida vodoroddan tijorat maqsadlarida kengroq foydalanish uchun imkoniyat eshiklarini ochadi. 

Saneg asoschisi Baxtiyor Fozilov shunday dedi: "Air Products bilan kelishuv vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha jahon yetakchisi bilan birgalikda Farg‘ona NQIZni modernizatsiya qilish bo‘yicha uzoq muddatli rejalarimizni amalga oshirishning yana bir bosqichini yakunlaganini anglatadi. “Saneg” “Air Products” bilan mustahkam munosabatlarga ega, uning yuqori texnologiyalarga sodiqligi va tajribasi O‘zbekiston neft-gaz sektori salohiyatidan maksimal darajada foydalanishimiz va shu bilan birga mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shishimiz uchun zamin yaratadi. Kelishuv doirasida birgalikdagi ishlarimiz O‘zbekiston hukumatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri - ichki vodorod yetkazib berishni ko‘paytirish orqali davlatning energetika xavfsizligini mustahkamlashga erishishda muhim omil rolini o‘taydi".

"Air Products dunyoning eng yirik vodorod yetkazib beruvchisi hamda vodorod yoqilg‘isi infratuzilmasi bo‘yicha yetakchi bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab vodorod qurilmalari uchun xavfsiz va ishonchli yechimlarni taklif qiladi. Vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarimiz va tajribamiz NQIZ imkoniyatlarini kengaytiradi, Markaziy Osiyoda neft-gaz sohasining rivojini qo‘llab-quvvatlaydi, bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekistonga yanada yuqori barqarorlik darajasiga hamda energiya mustaqilligiga erishishga yordam beradi. Shu bilan birga Respublikaning ekologiya borasidagi kelajagiga hissa qo‘shadi", - dedi Air Products boshqaruvi raisi, prezidenti va bosh direktori Seyfi Gasemi.

"Saneg" tasarrufidagi Farg‘ona NQIZ hozirda ishlab chiqarish imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan kompleks modernizatsiya jarayonlaridan o‘tmoqda. Takomillashtirishlar gidrokreking jarayonini joriy etish, xususan, Yevro-5 toifasidagi dizel yoqilg‘isi va aviatsiya kerosini ishlab chiqarish maqsadida yoqilg‘ini qayta ishlash chuqurligini 92 foizdan oshirishni o‘z ichiga oladi.

Vodorod ishlab chiqarishni sanoatlashtirish orqali energiya manbalarini diversifikatsiya qilishda O‘zbekiston hukumatiga ko‘mak ko‘rsatish ham neftni qayta ishlash zavodlarini modernizatsiya qilishning maqsadlaridan biri hisoblanadi. 2021-yilda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi vodorod ishlab chiqarish uchun ikkita o‘zgaruvchan bosimli adsorbsiya qurilmasini (PSA) yetkazib beruvchi sifatida Air Products kompaniyasini tanladi. Vodorod ishlab chiqarish qurilmalarini barpo etish va sotib olish zavodni modernizatsiya qilish dasturining asosiy qismi sanaladi.

Sotib olish 100 foizli tabiiy gazni ham, suyultirilgan gazni ham qayta ishlashga qodir bo‘lgan metanni bug‘ bilan riforming qilish qurilmasini (SMR) o‘z ichiga oladi. Ushbu aktivlar Air Products tomonidan muqaddam yetkazib berilgan ikkita o‘zgaruvchan bosimli adsorbsiya qurilmalari (PSA) bilan birgalikda NQIZ va umuman tijorat bozori ehtiyojlari uchun vodorod ishlab chiqarishning ishonchli bazasini ta’minlab beradi. 

2024-yilning to‘rtinchi choragida yopilishi kutilayotgan ushbu bitim “Air Products”ning soha uchun innovatsion va ishonchli yechimlarni taqdim etish tamoyiliga doimo sodiqligini ifodalaydi va kompaniyaning O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini yanada mustahkamlaydi.

Air Products kompaniyasi haqida

Air Products - sanoat gazlarini ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi yetakchi kompaniya bo‘lib, 80-yildan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritib kelmoqda. U energetika, ekologiya va rivojlanayotgan bozorlarga xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan. Kompaniyada barqaror rivojlanishga asoslangan ikkita rivojlanish yo‘nalishi mavjud. Air Products biznesi o‘nlab sohalarda, jumladan, neftni qayta ishlash, kimyo, metallurgiya, elektronika, ishlab chiqarish va oziq-ovqat sanoatida asosiy sanoat gazlari, tegishli uskunalar va ekspertiza xizmatlarini taqdim etadi. Kompaniya, shuningdek, og‘ir yuk tashuvchi transport va sanoat tarmoqlarida kam va nol uglerod emissiyasiga o‘tishni qo‘llab-quvvatlovchi toza vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi eng yirik loyihalarning ayrimlarini ishlab chiqadi, loyihalashtiradi, barpo etadi, egalik qiladi va boshqaradi. Bundan tashqari, Air Products suyultirilgan tabiiy gazni qayta ishlash texnologiyalari va uskunalarini yetkazib berish bo‘yicha dunyoda yetakchi hisoblanadi, shuningdek, butun dunyo bo‘ylab turbomashinalar, membranali tizimlar hamda kriogen konteynerlarni yetkazib beradi.

2023-moliya yilida kompaniyaning savdo hajmi 12,6 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Air Products 50 ga yaqin mamlakatda faoliyat yuritadi va joriy bozor kapitallashuvi taxminan 60 mlrd AQSH dollarini tashkil qiladi. 23 000 ga yaqin ishtiyoqli, iste’dodli va o‘z ishiga sodiq, ko‘p qirrali tajribaga ega xodimlar Air Products kompaniyasining atrof-muhitga foyda keltiradigan, barqarorlikni oshiradigan innovatsion yechimlarni yaratish, mijozlar, hamjamiyatlar va butun dunyo duch kelayotgan muammolarni hal qilish yo‘llarini qayta kashf etishdan iborat oliy maqsadi sari olg‘a qadam tashlashmoqda.

Farg‘ona NQIZ haqida

"Farg‘ona NQIZ" MCHJ O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatida joylashgan. Zavod 1959-yilda G‘arbiy Sibir neft konlaridan tashiladigan uglevodorodlarni qayta ishlash maqsadida tashkil etilgan. Sovet Ittifoqi parchalanib, 2020-yilda korxona Saneg boshqaruviga kiritilganidan beri korxona modernizatsiya qilinmagan.

"Saneg"ning maqsadli investitsiyalari tufayli so‘nggi to‘rt yil Farg‘ona NQIZning tiklanish davriga aylandi. Hozir zavodda 60 turdagi mahsulot ishlab chiqarilib, ichki bozorga va 15 ta xorijiy davlatga yetkazib berilmoqda. Bugungi kundagi ishlab chiqarish quvvati yiliga 1,8 mln tonnani tashkil etib, zavodning hozirgi quvvat salohiyati yiliga 2,5 mln tonnagacha tez o‘sib bormoqda.