Quality service mukofoti natijalariga ko‘ra, Sanegning uchta yoqilg‘i quyish shoxobchasi O‘zbekistonda eng yaxshi deb topildi

Quality service mukofoti natijalariga ko‘ra, Sanegning uchta yoqilg‘i quyish shoxobchasi O‘zbekistonda eng yaxshi deb topildi

706
Quality service mukofoti natijalariga ko‘ra, Sanegning uchta yoqilg‘i quyish shoxobchasi O‘zbekistonda eng yaxshi deb topildi

2024-yil yakunlariga ko‘ra, Sanegning uchta yoqilg‘i quyish shoxobchasi o‘z nominatsiyalari bo‘yicha Quality service milliy mukofoti g‘olibi bo‘ldi. Taqdirlash marosimi 2025-yil 17-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekistonning har bir hududidan "Eng yaxshi AGTKSH" (avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi), "Eng yaxshi AGQSH" (avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi) hamda "Eng yaxshi AYOQSH" (avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi) nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar taqdirlandi. Tanlovda butun mamlakatimiz bo‘ylab 5 mingga yaqin shoxobcha ishtirok etdi.

"O‘zbekiston Respublikasining eng yaxshi AYOQSHi" nominatsiyasida Sanegning "Bektemir" yoqilg‘i quyish shoxobchasi (Toshkent shahri) g‘olib bo‘ldi. Namangan viloyatidagi eng yaxshi AYOQSH deb Sanegning "Namangan" AYOQSHi tan olindi. Sanegning "Cho‘ponota" AGTKSH Samarqand viloyatidagi eng yaxshi AGTKSH deb topildi.

Quality service mukofoti aholi va sayyohlarga yuqori darajadagi qo‘shimcha xizmatlarni taqdim etgan yoqilg‘i quyish shoxobchalariga beriladi. Zamonaviy sanitariya-gigiyena joylari (hojatxona)ning mavjudligi, aholining kam harakatlanuvchi guruhlari uchun qulayliklar ko‘zda tutilganligi, hududlarning obodonlash nuqtalari va boshqa qulayliklar tashkil etganlik kabilar baholashning asosiy mezonlari qatoriga kiradi.

Marosimda so‘zga chiqqan Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev obodonlashtirilgan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari turizm infratuzilmasining muhim elementiga hamda bozorning boshqa ishtirokchilari uchun namunaga aylanib borayotganini ta’kidladi.

Eng yaxshi deb topilgan stansiyalarni rivojlantirish va ulardan foydalanish bilan Saneg tarkibiga kiruvchi SEG Tasco sho‘ba korxonasi shug‘ullanadi. Ushbu e’tirof "SEG Tasco" jamoasining yoqilg‘i quyish xizmatlari sohasida zamonaviy, qulay va mijozlarga yo‘naltirilgan infratuzilmani yaratish bo‘yicha tizimli ishlari natijasidir.

"Bunday yuksak e’tirofga sazovor bo‘lish biz uchun sharaf. Bu mukofotlar infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha yondashuvimiz mahsuldorligining tasdig‘idir. Bu butun SEG Tasco jamoasining, birinchi navbatda esa, mijozlarimizga yuqori darajada xizmat ko‘rsatishni ta’minlash uchun yoqilg‘i quyish shoxobchalarida har kuni ter to‘kadigan xodimlarimizning xizmatidir. Biz barcha obyektlarimizda xizmat ko‘rsatish, qulaylik va ekologik tozalik standartlarini oshirish orqali oldinga intilishda davom etamiz", - dedi SEG Tasco bosh direktori Ulug‘bek Shernazarov.

"Biz yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini rivojlantirish deganda ham biznesni taraqqiy ettirish, ham zamonaviy shahar va sayyohlik muhitini shakllantirishga hissa qo‘shishni vazifasini tushunamiz, – dedi Saneg bosh direktori To‘lqin Yusupov. – Katta tanlov sharoitida birdaniga uchta obyektimizning g‘alabasi – butun boshli Saneg jamoasi va sho‘ba tuzilmalarimizning hamjihatlikdagi mehnati natijasidir".