Baxtiyor Fozilov mashhur o‘zbek tadbirkori, investor va homiy, dunyoga dong taratgan Ipak yo‘lida joylashgan tarixiy Samarqand shahrida tug‘ilgan. So‘nggi o‘ttiz yil ichida u o‘z ona shahrida, butun O‘zbekiston bo‘ylab hamda xorijda amalga oshiriladigan muvaffaqiyatli investitsiya loyihalari portfelini yaratdi..
- Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan Baxtiyor Fozilov o‘zining mehnat faoliyatini charm buyumlar va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan import-eksport biznesini tashkil etishdan boshlagan.
- 2000-yilda atigi 25 yoshga to‘lganida u neft va gaz sanoati bilan shug‘ullanishni boshlab, dastlab sohaga mashina va uskunalar yetkazib bergan. To‘rt yil o‘tgach, u Eriell kompaniyasiga asos soldi, bugungi kunda ushbu kompaniya neft va gaz qazib olish, izlash, burg‘ilash, quduqlarni o‘zlashtirish, sinovdan o‘tkazish, ta’mirlash hamda texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadigan xalqaro neft servis guruhiga aylangan.
- Hozirgi paytda uning ishbilarmonlik qiziqishlari O‘zbekistonning eng yirik Enter Engineering qurilish kompaniyasi, jahon darajasidagi “Silk Road Samarkand” ko‘p funksiyali kurorti, zamonaviy Samarqand xalqaro aeroporti, shuningdek, qishloq xo‘jaligi hamda fermerlik, aviatsiya, bank ishi, raqamli xizmatlar va texnologiyalar, mehmonxona biznesi, turizm, logistika terminallari, tog‘-kon sanoati, qayta tiklanadigan energiya manbalari hamda po‘lat ishlab chiqarishga investitsiyalar singari keng qamrovli sohalarni qamrab oladi. Janob Fozilovning biznes manfaatlari va loyihalari “Yangi O‘zbekiston” taraqqiyoti hamda o‘zbek xalqining gullab-yashnashiga yo‘naltirilgan.
- Janob Fozilov mamlakatimiz aholisi salomatligi va kelajagini qo‘llab-quvvatlash maqsadida innovatsion tibbiyot va ta’lim muassasalarini, jumladan, Toshkent xalqaro tibbiyot markazi (TXTM) hamda Samarqand xalqaro texnologiyalar universitetini (SIUT) moliyalashtiradi.
- Uning O‘zbekistonga sadoqati tadbirkorlik faoliyati doirasidan ancha chetga chiqadi. Xokkeyning ashaddiy ishqibozi, O‘zbekiston xokkey federatsiyasi prezidenti janob Fozilov yosh iqtidor egalarini tarbiyalashda faol ishtirok etib kelmoqda. Ushbu ishtiyoq "Humo" professional xokkey jamoasining tashkil etilishi hamda zamonaviy xokkey stadioni qurilishi sari yetakladi. 2023-yilda u "Surxon" futbol klubini sotib oldi va hozirgi vaqtda klub stadionini modernizatsiya qilish bilan shug‘ullanmoqda.
- O‘zbekistonning boy merosini ommalashtirish va asrab-avaylashga ishtiyoqmand bo‘lgani bois Butunjahon merosini asrash jamiyati raisining o‘rinbosari bo‘lgan. U madaniy merosni asrab-avaylash va o‘rganishga qo‘shgan hissasi uchun Ibn Sino nomidagi xalqaro mukofot bilan taqdirlangan. Butunjahon jamiyatini qo‘llab-quvvatlashdan tashqari, u "Silk Road Samarkand" Samarqand sayyohlik kurorti markazida "Abadiy shahar"ni qurish g‘oyasini ilgari surgan. Ushbu shahar o‘zbek hunarmandchiligini ommalashtirish va namoyish etish maqsadini ko‘zlaydi.
- Janob Fozilov xayriya ishlari bilan shug‘ullanar ekan, hayotiy muhim tibbiy va klinik tadqiqotlarga homiylik qilish uchun MESCA jamg‘armasiga asos soldi. Shveysariyadagi ELZA instituti bilan hamkorlikda olib borilayotgan tadqiqotlar keratokonus, muguz parda kasalliklariga chalingan bemorlarning ko‘rish qobiliyatini yaxshilashga qaratilgan. "Light for Sight" jamg‘armasi hamda "Tabasuum" bemorlar guruhi bilan hamkorlikda MESCA jamg‘armasi tomonidan keratokonus skriningi o‘tkazilmoqda, bu esa Daun sindromi bilan kasallangan bolalar va o‘smirlarning yashash sharoitlarini yaxshilash uchun juda muhimdir. MESCA, shuningdek, Andijon davlat tibbiyot instituti bilan tibbiy ta'lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik qilib, o‘qituvchilar, tadqiqotchilar hamda talabalar almashinuvi, shuningdek, axborot va adabiyotlar almashinuvi bo‘yicha xalqaro dasturlarni qo‘llab-quvvatlaydi.