Saneg neft-gaz kompaniyasi hamda “Ezgu Amal” jamoat fondi o‘rtasida hamkorlik va qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida kelishuv tuzildi. Hujjatlarni imzolash marosimi bugun, 15-fevralda Butunjahon saraton kasalligiga chalingan bolalar kuni munosabati bilan O‘zbekistondagi birinchi “Taskin” bolalar hospisi hududida bo‘lib o‘tdi.
Hujjatda ijtimoiy muammolarni hal etish, muhtoj va bemorlarga yordam ko‘rsatishga qaratilgan qo‘shma dasturlarni amalga oshirish nazarda tutilgan. O‘rnatilgan hamkorlik doirasida Saneg palliativ muassasa ehtiyojlari uchun 500 million so‘m ajratdi. Mablag‘lar bemorlarga maxsus oziq-ovqat xarid qilish va hospis xodimlarining ish haqiga ustamalar uchun yo‘naltiriladi.
Kelishuv doirasidagi birinchi loyiha saraton kasalligiga chalingan bolalar uchun mo‘ljallangan “Taskin” bolalar hospisiga moliyaviy yordam ko‘rsatishdan iborat bo‘ldi. Markaz hukumat ko‘magi asosida “Ezgu Amal” jamg‘armasi tashabbusi bilan 2022-yil avgust oyida tashkil etilgan bo‘lib, Toshkent shahri yaqinidagi “Zangiota-2” ixtisoslashtirilgan shifoxonasi negizida faoliyat yuritmoqda.
“Taskin – katta va shinam uyga aylangan, undagi insonlar hayotni sevishadi va uning har bir daqiqasini qadrlashadi. Markaz 20 ta palata bilan jihozlangan bo‘lib, hozir bu yerda 12 nafar bola ota-onasi bilan istiqomat qiladi, ularga bepul palliativ yordam ko‘rsatilmoqda. Biz insonlarning hospisimizga bo‘lgan e’tiborini va turli xil yordam ko‘rsatish istagini qadrlaymiz. Bugun “Taskin” hospisining hamkori va do‘sti yana bittaga ko‘paydi. Men Saneg neft-gaz kompaniyasiga saxiyligi va uzoq muddatli istiqbolda markazning rivojlanishiga hissa qo‘shishga tayyorligi uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. O‘zaro hamkorlikning bunday formati byudjetimizni rejalashtirishimiz va uzoq muddatli xarajatlarni hisob-kitob qilishimiz uchun umkoniyat yaratadi”, — deydi “Taskin” hospisi direktori Munira Xo‘jaxonova.
“Saneg uzoq muddatli xayriya qilish an’anasiga amal qiladi. Fikrimizcha, bir martalik harakatlar ijtimoiy loyiha va dasturlarni ishlab chiqishda yetarli samarani bera olmaydi. Bugungi kunda notijorat tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlar formatini o‘zgartirish juda muhim, chunki bunday tashkilotlar prognoz qilinadigan byudjetga ega bo‘lsagina, o‘z faoliyatini muvaffaqiyatli rejalashtirishi mumkin. “Ezgu Amal” jamg‘armasining yangi ishonchli vakili sifatida biz tashkilot faqat hozirning o‘zida emas, balki uzoq muddat davomida o‘zini barqaror his qilishini ko‘zlagan holda uzoq muddatli hamkorlikka intilamiz”, - deydi bosh direktorning moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Rustam Shukurov.