Saneg yoqilg‘i sifatini nazorat qilish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirmoqda. SEG TASCO sho‘ba korxonasi tomonidan boshqariladigan mobil laboratoriya muntazam ravishda butun mamlakat bo‘ylab yoqilg‘i quyish shoxobchalarini aylanib, mahsulotlarning ichki standartlarga muvofiqligini tekshirmoqda.
Tekshiruvlar Sanegning hududlardagi barcha AYoQShlarida o‘tkazilmoqda. "Mobil laboratoriya yordamida AI-80, 92, 95, 98 markali benzinlar va dizel yoqilg‘isi sifatini tekshiramiz. Namunalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yonilg‘i quyish pistoletlaridan olamiz, shuningdek, oldingi yetkazib berilgan mahsulotlardan qolgan qoldiqlarni tahlil qilamiz. Bizning vazifamiz iste’molchilarni sifatli yoqilg‘i bilan uzluksiz ta’minlashdan iborat", – deydi standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish bo‘limi boshlig‘i Dilshod Pazilov.
Laboratoriya jamoasida haydovchi va metrolog bor. Taxminan 30 daqiqa davom etadigan bir tekshiruv davomida mutaxassislar kompleks tahlil o‘tkazishga ulguradi: laboratoriya o‘lchovlaridan tortib, kuzatuv hujjatlarini solishtirish va rezervuarlardagi yoqilg‘i hajmini tekshirishgacha.
"Yoqilg‘i sifati – bizning so‘zsiz ustuvor vazifamiz. Biz ko‘rsatkichlarning barqarorligi va iste’molchilarning mahsulot sifatiga bo‘lgan ishonchini kafolatlash uchun zamonaviy nazorat usullarini joriy etmoqdamiz", - dedi Saneg bosh direktori To‘lqin Yusupov.
Mobil laboratoriya xalqaro darajadagi sertifikatlangan uskunalar: viskozimetr, fraksion tarkib analizatori, chaqnash haroratini aniqlash asbobi hamda boshqa tahlil tizimlari bilan jihozlangan. Bu namunalarni statsionar laboratoriyalarga tashish zaruratisiz bevosita joyida aniq ma’lumotlarni tezkor olish imkonini beradi.
Tekshiruvlar tasdiqlangan jadvalga muvofiq o‘tkaziladi va butun yoqilg‘i tarmog‘ining uzluksiz nazorati hamda shaffofligini ta’minlagan holda kompaniya faoliyat yuritayotgan barcha hududlarni qamrab oladi.