Saneg kompaniyasining Toshkentdagi ofisida kompaniyaning turli bo‘linmalaridan yosh mutaxassislarni jamlagan uchinchi "Smart and Young by Saneg" ilmiy-texnik anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 16 nafar ma’ruzachi ishtirok etib, ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan muhandislik ishlanmalarini taqdim etdi.
Tadbir tajriba almashish, kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda neft-gaz sohasida amaliy yechimlarni muhokama qilish maydoniga aylandi. Ko‘plab ishtirokchilar birinchi marta so‘zga chiqib, yuqori tayyorgarlik darajasini, mavzuga bo‘lgan ishtiyoqini va kompaniya rivojiga hissa qo‘shish istagini namoyish etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra hakamlar hay’ati g‘oliblarni aniqladi. Birinchi o‘rinni qattiq ko‘pik hosil qiluvchilarni qo‘llagan holda gaz quduqlarini qazib olishni optimallashtirish mavzusidagi ma’ruzasi bilan Saneg BMA 1-toifali muhandisi Axmedjan Turmanov egalladi. Uning ishi kompleks yondashuv va ishlab chiqarish amaliyoti uchun dolzarbligi bilan ajralib turdi.
Ikkinchi o‘rin Andranik Mirzayanga quduq ichidagi ishlarni avtomatlashtirish sohasidagi loyihasi uchun berildi. Uchinchi o‘rinni Saneg BMA neft tayyorlash va tashish bo‘limi muhandislari Akmal Normurodov va Farruxbek Zokirov bo‘lishishdi. Ular neftni tayyorlash va tashish jarayonlarini optimallashtirishga bag‘ishlangan ma’ruzani taqdim etdilar. Quduqlarni kapital ta’mirlashda avariya holatidagi nasos-kompressor quvurlarini chiqarib olish bo‘yicha yechim bilan to‘rtinchi o‘rinni Mirshod Qurbonov egalladi.
G‘oliblar professionalligi, tashabbuskorligi va ishlab chiqarish muammolarini hal qilishda ijodiy yondashuvi uchun esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
"Smart and Young anjumani Saneg kadrlar salohiyatini ichki rivojlantirishning muhim elementidir. Biz bu yerda yetakchilik fazilatlari qanday shakllanayotgani va kompaniya faoliyatida amaliy jihatdan qo‘llash mumkin bo‘lgan g‘oyalar qanday tug‘ilayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz", – deya ta’kidladi bosh direktorning kadrlar va tashkiliy rivojlanish bo‘yicha o‘rinbosari Xurshed Xojimetov.