Saneg 2022-yil yakunlarini sarhisob qilmoqdа

Saneg 2022-yil yakunlarini sarhisob qilmoqdа

2425
Saneg 2022-yil yakunlarini sarhisob qilmoqdа

ISHLAB CHIQARISH 

O‘zbekistondagi eng yirik neft-gaz kompaniyalaridan biri “Saneg” (“SANOAT ENЕRGETIKA GURUHI” MChJ) 2022-yilda 545 ming 440 tonna neft qazib oldi, bu undan oldingi yilgi ko‘rsatkichdan 9,3 foiz ko‘p.

O‘tgan 2022-yil davomida 16 ta yangi quduqning burg‘ilashdan sanoat maqsadlarida foydalanishga topshirilishi, shuningdek, Andijondan Ustyurtgacha bo‘lgan 248 ta quduqda amalga oshirilgan geologik-texnik tadbirlar (GTT) o‘sishning asosiy omillari bo‘lib xizmat qildi. Asosiy GTTlar yon tana qazish, qazib chiqarish texnologiyasini o‘zgartirish, mexanizatsiyalashgan qazib olish usuliga o‘tish, shuningdek, kon kimyoviy vositalaridan foydalanish kabilardan iborat. “Chegara” (Saneg neft qazib olishni ko‘paytirish dasturi bo‘yicha operator etib tayinlangan vaqtdagi holatga nisbatan qazib chiqarish halmi 9 baravar oshdi), Sardob (qazib chiqarish 15 baravardan ko‘proq oshdi), Yangi Qoratepa (o‘sish sur’ati 38 barobarga yetdi), “Shimoliy O‘rtabuloq”, “Sharqiy”, “G‘arbiy Toshli” va “Xo‘jaobod” konlarida neft qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirildi.

Kompaniya mutaxassislari o‘rtacha kunlik qazib chiqarish hajmini oshirishga ham erishdilar. 2022-yilda bu ko‘rsatkich sutkasiga 1494 tonna neftga yetdi. O‘tgan yilning shu davridagi natijalar 1 367 tonnani tashkil etdi. Shu tariqa, sutkalik qazib chiqarish hajmining o‘sishi 9,3% dan ortiqni tashkil etdi. Umuman olganda, 2022-yilda 59 ta tugatilgan quduq foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, undan oldingi yilning shu davrida bu ko‘rsatkich atigi 29 ta quduq darajasida edi.

“O‘tgan yili Saneg neft-gaz kompaniyasi vertikal integratsiyalashgan neft-gaz kompaniyasini qurish jarayonini yakunladi. Xususan, FNQIZning ishlab chiqarish zanjirimizga integratsiyalashuvi va savdo segmentini diversifikatsiya qilish shular jumlasidandir. Bularning barchasi o‘sib borayotgan O‘zbekiston iqtisodiyotini sifatli va arzon qayta ishlangan mahsulotlar bilan ta’minlashda bizga yanada ko‘proq imtiyozlar berdi. Biz qazib chiqarish ko‘rsatkichlarini deyarli 10 foiz oshirishga muvaffaq bo‘ldik. Shu o‘rinda aytish kerakki, Saneg boshqaruviga o‘tkazilgan barcha neft va gaz konlari hayot siklining so‘nggi bosqichidadir. Ya’ni ular foydalanishning to‘rtinchi bosqichiga yetgan. Qazib chiqarish hajmining tabiiy pasayish sur’ati esa “bizga qarshi o‘ynaydi”. Joriy yilda ichki samaradorlikni sezilarli darajada oshirish va neft qazib olish hajmini ko‘paytirish, shuningdek, FNQIZning ish yukini oshirish niyatidamiz, – dedi korxona bosh direktori Shokir Fayzullayev.

SOTISH

Kompaniya 2022-yil uchun buyurtmalar portfelini diversifikatsiya qilishni davom ettirdi. 2022-yilda jami 691 ming tonnadan ortiq neft mahsulotlari iste’molchilarga yetkazib berildi, shundan 641 ming tonnadan ortig‘i ichki bozorga, 50 ming tonnadan ko‘prog‘i tashqi bozorga yo‘naltirildi. O‘tgan yili O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi yo‘lida yetkazib berilgan asosiy mahsulotlar: dizel yoqilg‘isi – 282 ming tonnadan ziyod, benzin – 233 ming tonnadan ortiq. Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodiga barqaror yuklanmani ta’minlash maqsadida xomashyoning bir qismi ichki va tashqi bozordan xarid qilindi.

Kompaniya neft moylari ishlab chiqarishni sezilarli darajada ko‘paytirib, ko‘rsatkichlarni 29 ming tonnaga yetkazdi, shu bilan birga, ularni xalqaro API standarti asosida ishlab chiqarishni o‘zlashtirdi.

Bugungi kunda kompaniya neft mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha 1 550 ta xaridor bilan hamkorlik qilmoqda. Jumladan, ularning 1 ming 532 tasi ichki bozorda va 18 tasi – O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan. Xorijiy kompaniyalar orasida quyidagilarni ta’kidlash mumkin: Aronis Petrochemical FZE (Dubay), DYM Resources (Germaniya), Duato Corporation (Buyuk Britaniya), HILL (Qozog‘iston), AZIA OIL, Elita Tichorat Ferrostal Limited MCHJ "Kand" (Tojikiston), "Tecza Energia" MCHJ "NGSA" Himbalt Trade OU (Polsha), MCHJ "Prometey", MCHJ "Neftetrans" Vertex Oil Trade LTD, Gesanaster Sales (Qirg‘iziston), OGMA SSH FZ-LLC (Afg‘oniston), DYM Resources (Gruziya).

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI ENG YIG‘IK SOLIQ TO‘LOVCHI

Kompaniya O‘zbekistondagi eng yirik soliq to‘lovchilardan biri hisoblanadi. Birgina so‘nggi ikki yilda soliq to‘lovlari qariyb ikki baravar ko‘paydi – 2021-yildagi 1 trln 177 mlrd so‘mdan 2022-yilda 2 trln 86 mlrd so‘mga yetdi. Shu davrda barcha darajadagi budjetga jami 3 trln 379 mlrd so‘m mablag‘ o‘tkazildi.

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI NEFT VA GAZ SANOATIGA INVЕSTITSIYALAR

Neft qazib olish hajmini oshirish maqsadida 2 mlrd 700 mln dollar miqdorida investitsiyalar jalb etilishi rejalashtirilgan. Shulardan bugungi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasida neft qazib olishni ko‘paytirish uchun 530 mln dollardan ortig‘i jalb qilingan.

RAQAMLILASHTIRISH

2022-yilda kompaniya neft qazib olishdan tortib qayta ishlangan mahsulotlarni mijozlarga jo‘natishgacha bo‘lgan barcha biznes segmentlarini faol transformatsiya qilishga kirishdi. Shunday qilib, 2022-yilning ushbu yo‘nalishdagi asosiy natijasi shundan iborat bo‘ldiki, Saneg aktivlarini raqamlashtirishga kompleks yondashuvni shakllantirdi. Qazib chiqarish va qayta ishlashni boshqarish markazini rivojlantirish dasturi tuzildi. Kompaniya mutaxassislarining fikricha, raqamlashtirishning iqtisodiy samarasi xom neft qazib olish hajmini kamida 10 foizga oshirishda namoyon bo‘lgan.

Shuningdek, biznesni raqamlashtirish nuqtai nazaridan, Saneg aktivlarini yagona telekommunikatsiya makoniga birlashtirish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda. Bu qarorlar qabul qilish tezligini sezilarli darajada oshirish, konlardan tezkor xulosalar va hisobotlarni shakllantirishni ta’minlaydi.

2022-yilda “Yangi O‘zbekiston” koni keng polosali internet bilan ta’minlandi. HIChKning 22 dan ziyod obyektlari telekommunikatsiya va mobil aloqa bilan ta’minlandi.

SAP S/4 HANA ERP uslubiyotini FNQIZda (Saneg tarkibiga kiradi) joriy etishning navbatdagi bosqichi yakunlandi. Kompaniya moliyaviy va boshqaruv hisobi bo‘yicha yechimning sanoat ekspluatatsiyasini amalga oshirdi, shuningdek, g‘aznachilik va material-texnik ta’minot blokining ishlashini ta’minladi. Tizim ichki jarayonlarning shaffofligini ta’minlash va korxona ehtiyojlarini tartibga solishni iqtisodiy samaraga muvofiq holda amalga oshirish imkonini berdi.

XAVFSIZLIK

Xavfsiz mehnat sharoitlari hamda xalqaro sanoat xavfsizligi standartlariga rioya qilish, shuningdek, ekologik standartlarga amal qilish kompaniyaning ustuvor vazifalari hisoblanadi. 2022-yilda ishlab chiqarish maydonchasida biron bir ahamiyatga molik ko‘ngilsiz hodisaga yo‘l qo‘yilmadi.

Ish joylaridagi mehnat sharoitlarini baholash, shuningdek, zararli va (yoki) xavfli ishlab chiqarish omillarini aniqlash, mehnat sharoitlarini davlat me’yoriy hujjatlari talablariga muvofiqlashtirish choralarini ko‘rish maqsadida hisobot davrida 1500 dan ortiq ish o‘rni attestatsiyadan o‘tkazildi.

Hisobot davrida kompaniyada O‘zbekiston Respublikasida atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan biznes jarayonlari ham tartibga solindi. Ishlab chiqarish faoliyatiga “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi siyosat” joriy etildi. Bundan tashqari, Ekologiya davlat qo‘mitasi bilan birgalikda “Obyektlarda ekologik xavfsizlikni ta’minlash va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning strategik rejasi”, “Obyektlarda ishlash jarayonida biologik xilma-xillikni saqlash va undan barqaror foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi” hamda "Chiqindilarni boshqarish bo‘yicha yo‘riqnoma" ishlab chiqarish jarayonlariga integratsiya qilindi.

Kasbiy kasalliklarning dastlabki shakllarini, zararli va (yoki) xavfli ishlab chiqarish omillarining salomatlikka ta’sirining dastlabki belgilarini aniqlash maqsadida korxona xodimlari uchun 3 mingdan ortiq bepul tibbiy ko‘riklar o‘tkazildi.

KAPITAL QURILISH

“Asosiy fondlarni kapital qurish” dasturi bo‘yicha 2022-yilda 162 ta obyekt qurilishi yakunlandi, 896 mlrd 981 mln so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtirildi, bu 2022-yil uchun belgilangan ko‘rsatkichlarning 80 foizini tashkil etadi.

“Yangi O‘zbekiston” konining sanoat uchastkasida hajmlarni o‘zlashtirish, shuningdek, gaz transporti tizimi obyektlarini qurish va ishga tushirish hajmini sezilarli darajada oshirish hamda Ustyurt hududidagi konlarni o‘zlashtirish bo‘yicha ishlarning boshlanishi hisobiga 2021-yilga nisbatan yangi fondlar qurilishi 108 foiz o‘sdi. 2022-yilda foydalanishga topshirilgan bunyod etilgan kon inshootlari orasida neftni qayta ishlash qurilmalari, kon ichidagi mahsulot quvurlari, obodonalshtirilgan quduqlar, qatlam bosimini saqlash tizimlari, turar-joy shaharchalari va boshqa obyektlarni alohida ta’kidlash joiz.

“Asosiy vositalarni kapital ta’mirlash” dasturi ijrosi doirasida 165 ta obyektda ta’mirlash ishlari bajarilib, 2022-yilning 12 oyi davomida 51 mlrd 947 mln so‘mlik reja ko‘rsatkichlarining 93 foizi o‘zlashtirildi. 2021-yilga nisbatan o‘tgan yillarda asosiy fondlarni kapital ta’mirlash ishlari yaxshi bajarilgani tufayli kapital ta’mirlash hajmi 10 foizga kamaygan. Natijada hisobot davrida ko‘plab obyektlarni ta’mirlashga ehtiyoj qolmadi.

TASHKILIY RIVOJLANISH

2022-yilda kompaniyada yosh mutaxassislarni jalb qilish, shuningdek, kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Hisobot davrida mazkur yo‘nalishda 1 mlrd 351 mln so‘mdan ortiq sarmoya kiritildi.

Kompaniyada kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha uzluksiz ishlar doirasida Qarshidagi o‘quv poligonida 441 kishi turli mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitilib, maxsus o‘qituvchi-instruktorlar jamoasi shakllantirildi. Shu tariqa, neft va gaz qazib olish operatorlarining 60% dan ortig‘i imkon qadar real sharoitlarda o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tadi. O‘tgan yillarda FNQIZ negizida 2 mingdan ziyod ishchi va muhandis-texnik xodimlar malaka oshirish dasturi doirasida o‘qitildi.

Murabbiylik to‘g‘risidagi nizomga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, xususan: yoshlar bilan faol ishlaganlik uchun murabbiylarning mehnatiga haq to‘lash joriy etildi. Ilgari bunday amaliyot bo‘lmagan.

Ayni paytda Saneg korxonalarida FNQIZ mutaxassislari va ishchi xodimlarini qo‘shib hisoblaganda 10 mingga yaqin kishi ishlaydi. So‘nggi ikki yilda xodimlar soni 744 shtat birligiga ko‘paydi.

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari va xorijiy ta’lim markazlari bilan faol hamkorlik davom ettirildi. I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali bilan yaqindan hamkorlik qilgan holda, 2022-yilning bitiruvchilari haqidagi ma’lumotlarni o‘rganib, 10 dan ziyod istiqbolli yosh mutaxassislar Saneg bo‘linmalariga ishga qabul qilindi.

Bugungi kunda Farg‘onadagi NQIZda yaqin kelajakda xodimlar eng so‘nggi rusumdagi uskunalarda ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lishi uchun kadrlar bazasi shakllantirilmoqda. Bugungi kunda FNQIZda 486 nafar yosh mutaxassis va soha ishchilari mehnat qilmoqda.

Xodimlarning mehnat manfaatlarini himoya qilish, ish beruvchining ijtimoiy kafolatlarini bajarish, jamoada mikroiqlimni yaxshilash bo‘yicha kasaba uyushmasi qo‘mitasi faoliyat yuritmoqda.

Qo‘mitaning mahalliy vakilliklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan – sexlar kasaba uyushmalarining 20 dan ortiq vakillari bevosita “Qarshi”, “Muborak”, “Andijon”, “Yangi O‘zbekiston”, “Ustyurt”, YOQM va MKTLda faoliyat yuritmoqda. Qo‘mita hududiy ishlab chiqarish obyektlarida mehnat, yashash va turmush sharoitlari ustidan doimiy ravishda joylarda monitoring olib boradi.

2022-yilda kompaniya sohada faoliyat yuritish imkoniyatini izlayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga olgan ijtimoiy dasturni amalga oshirishni ham davom ettirdi. Bundan tashqari, kasaba uyushmasi orqali 2022-yilda kam ta’minlangan oilalarga, jumladan, davolanish uchun moddiy yordam ajratildi. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida Mahalla qo‘mitalari bilan hamkorlikda joylarda bir martalik aksiyalar o‘tkazilmoqda.

Kompaniya xodimlarining ko‘ngillilar sifatidagi harakatlari ham muntazam tus olgan bo‘lib, shu jumladan: ekologiya yo‘nalishida – jamiyatning hududiy ishlab chiqarish korxonalarida obodonlashtirish bo‘yicha “Yashil Makon” kunlari; sog‘liqni saqlash bo‘yicha - Respublika qon quyish markazi bilan birgalikda "Donor kuni" va boshqalar o‘tkazib kelinmoqda.