Saneg 2023-yilning birinchi yarmidagi ishlab chiqarish faoliyatini sarhisob qildi

Saneg 2023-yilning birinchi yarmidagi ishlab chiqarish faoliyatini sarhisob qildi

4205
Saneg 2023-yilning birinchi yarmidagi ishlab chiqarish faoliyatini sarhisob qildi

 

Saneg – 2030-yilgacha neft qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha davlat dasturi ijrochisi bo‘lgan O‘zbekistondagi eng yirik vertikal integratsiyalashgan neft-gaz kompaniyalaridan biri. Kompaniyaning strategik maqsadi uglevodorod xomashyosini chuqur qayta ishlash va yuqori sifatli neft mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha mamlakatimiz ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishdan iborat.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarish unumdorligining oshirilishi, neft mahsulotlarini sotish hajmining keskin o‘sishi, suyuq uglevodorodlar va gaz qazib chiqarishning ko‘payishi hisobot davrining asosiy ko‘rsatkichlari hisoblanadi.

2023-yilning birinchi yarmidagi asosiy o‘sish ko‘rsatkichlari tahlili:

• 305,2 ming tonna - suyuq uglevodorodlar qazib chiqarish

• 723,2 mln.m3. - gaz qazib chiqarish

• 650,5 ming tonna - Farg‘ona NQIZda qayta ishlash hajmi

• 502,7 ming tonna – neft mahsulotlarini sotish hajmi

TAYYOR MAHSULOTLARNI QAYTA ISHLASH VA ISHLAB CHIQARISH

2023-yilning 6 oyi davomida Farg‘ona NQIZda neft xomashyosini qayta ishlash hajmi 650,5 ming tonnani tashkil etib, 2022-yilga nisbatan 61 foizga o‘sdi. Bu kompaniyaga 502,7 ming tonna neft mahsulotlari sotish imkonin berdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 73,3 foizga ko‘pdir. Birinchi yarim yillikda O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi uchun yetkazib berilgan asosiy mahsulotlar quyidagilar bo‘ldi: dizel yoqilg‘isi – 208 ming tonnadan ortiq va benzin – 168 ming tonnadan ortiq.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi iste’molchilarni neft mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida kompaniya tomonidan 2023-yil aprel oyida “Toshkent” xalqaro aeroportidagi yoqilg‘i quyish majmuasi hududida neft mahsulotlarini saqlash va tarqatish terminali foydalanishga topshirildi. Bugungi kunga qadar terminal orqali 30 ming tonnadan ortiq neft mahsulotlari yetkazib berildi, bu esa Toshkent shahrida joylashgan yoqilg‘i quyish shoxobchalarining 40 foizdan ortig‘ini qoplash imkonini berdi.

Kompaniya biznesning yangi yo‘nalishini rivojlantirmoqda va butun O‘zbekiston bo‘ylab zamonaviy yoqilg‘i quyish shoxobchalari qurmoqda. Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan birinchi yoqilg‘i quyish shoxobchasini joriy yilning sentyabr oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

QAZIB CHIQARISH

Joriy yilning birinchi yarim yilligida suyuq uglevodorodlar qazib olish hajmi 305,2 ming tonnani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10,6 foizga o‘sdi. Gaz qazib olish 723,2 million kub metrni tashkil etdi, bu 2022-yilning shu davrdagi ko‘rsatkichidan 22,8 foiz ko‘p. O‘rtacha sutkalik uglevodorod qazib olish hajmi 1648 tonnani tashkil etdi, bu 2022-yilning birinchi yarmidagiga nisbatan 1,7 foizga ko‘pdir.

Yangi quduqlarni burg‘ilashdan sanoat ekspluatatsiyasiga o‘tkazish, 106 quduqda amalga oshirilgan geologik-texnik tadbirlar, shu jumladan, ilgari likvidatsiya qilingan quduqlarni ishga tushirish va foydalanishga topshirish kabilar hisobot davridagi o‘sishning asosiy omillari hisoblanadi.

Qashqadaryo viloyatining “Chegara”, “Yangi Qoratepa”, “Sharqiy Ispanli” va “Jeynov” konlarida neft va gaz qazib olishni ko‘paytirish loyihalari alohida amalga oshirildi.

KAPITAL QURILISH

2023-yilning birinchi yarmida kompaniya yangi asosiy fondlarni yaratish va mavjudlarini yaroqli holatda saqlash bo‘yicha dasturlarni amalga oshirishni davom ettirdi. O‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,5 barobar oshib, 78 mln dollarni tashkil etdi, 40 dan ziyod texnologik obyektlar kapital ta’mirlandi.

“Asosiy fondlarni kapital qurish” neft dasturini amalga oshirish doirasida joriy yilning birinchi yarmida 24 kilometr uzunlikdagi neft quvurlari yotqizildi, 17 ta neft qudug‘i foydalanishga topshirildi, neft qazib olish qiyin bo‘lgan “Bo‘ston” neft konida 3 ta bug‘ generatoridan iborat majmua o‘rnatildi.

“Asosiy fondlarni kapital qurish” gaz dasturini amalga oshirish doirasida Muborak va Andijon hududlarida joylashgan konlarda 148 kilometrlik gaz quvurlari yotqizildi, 18 gaz qudug‘i foydalanishga topshirildi.

Gazni iste’molchiga kerakli bosim ostida tashish uchun “Shimoliy Sho‘rtan” va “Chuvama” konlarida modulli kompressor qurilmalari (MQK) barpo etildi. Shuningdek, boshqa past bosimli gaz konlarida yana 9 ta MKQ qurish ishlari davom etmoqda.

Bundan tashqari, tabiiy gaz qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha “G‘arbiy Orol” konida quyidagi obyektlarning kapital qurilishi davom etmoqda: 180 km uzunlikdagi gaz quvuri va gazni birlamchi tozalash moslamasi.

XAVFSIZLIK

Xavfsiz ishlash va sanoat xavfsizligi, mehnatni muhofaza qilish va ekologiya sohasidagi xalqaro standartlarga rioya qilish kompaniyaning asosiy qadriyatidir. Joriy yilning birinchi yarmida ishlab chiqarishda biron bir arzirli baxtsiz hodisaga yo‘l qo‘yilmadi.

Ish joylaridagi mehnat sharoitlarini baholash, shuningdek, zararli va xavfli ishlab chiqarish omillarini aniqlash hamda mehnat sharoitlarini mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat me’yoriy talablariga muvofiqlashtirish choralarini ko‘rish maqsadida hisobot davrida 800 dan ortiq ish o‘rni attestatsiyadan o‘tkazildi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kompaniya xodimlari barcha ishlab chiqarish bo‘linmalarida 4200 dan ortiq daraxtlarni ekishdi.

Kompaniya ISO 14000 (ekologik menejment tizimi) va ISO 45000 (mehnat salomatligi va xavfsizligi menejmenti tizimi) kabi xalqaro standartlarga asoslangan integratsiyalashgan boshqaruv tizimlarini joriy qilishni boshladi. 100 dan ortiq kishi yangi standartlar bo‘yicha ishlashga o‘qitildi.

TASHKILIY RIVOJLANISH

2023-yilning birinchi yarmida kompaniyada yosh mutaxassislarni jalb qilish va kadrlar malakasini oshirishga qaratilgan qator tadbirlar amalga oshirilib, bunga 26 mln dollardan ortiq sarmoya yo‘naltirildi.

Kadrlar tayyorlashning uzluksiz olib boriladigan jarayoni doirasida Qarshidagi Saneg ishlab chiqarish korxonasi negizida tashkil etilgan O‘quv poligonida “Neft va gaz qazib olish operatori”, “Quduqlarni o‘rganish operatori” mutaxassisliklari bo‘yicha 300 nafarga yaqin xodimlar tayyorlandi. Shu tariqa, o‘tgan yilning aprel oyida poligon ishga tushirilgandan buyon 800 ga yaqin neft va gaz qazib olish operatorlari kon sharoitlariga imkon qadar yaqin bo‘lgan shart-sharoitlarda o‘qitildi.

Ayni paytda kompaniya korxonalarida sohaga oid oliy o‘quv yurtlarining 57 nafar talabasi uch yo‘nalish: “Ishlab chiqarish iqtisodiyoti”, “Neft qazib olish obyektlaridan foydalanish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish”, “Neft va gaz sanoati korxona va tashkilotlari iqtisodiyoti” yo‘nalishlari bo‘yicha ishlab chiqarish va diplom oldi amaliyotini o‘tkazmoqda.

Bundan tashqari, joriy yilning birinchi yarmida kompaniya “Yoshlar vaxtasi” dasturini targ‘ib qilishni davom ettirdi. Yoshlar vaxtalarida ishlagan 11 nafar mutaxassis tegishli imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tib, bosh muhandislar bilan suhbatlar o‘tkazgandan so‘ng korxonaning Muborakdagi hududiy ishlab chiqarish korxonasiga texnolog-geolog sifatida ishga joylashtirildi.

Yil boshidan buyon xodimlari soni 7 foizga oshib, 5031 nafarni tashkil etdi.

Saneg kompaniyasi ijrochi direktori To‘lqin Yusupov:

“Ushbu natijalar Sanegning to‘liq integratsiyalashgan neft-gaz kompaniyasi sifatida O‘zbekistonga taqdim etishi mumkin bo‘lgan kengaytirilgan imkoniyatlar va samaradorlik darajasini ko‘rsatib beradi. Sanegning ishlab chiqarish natijalari ish o‘rinlari yaratish, xodimlarni yangi malakalarga o‘rgatish va xavfsiz mehnat amaliyotiga kompaniya miqyosida amal qilinishini kuchaytirish bo‘yicha sezilarli yutuqlar bilan uyg‘unlik kasb etadi va biz kelgusi yillarda ham faoliyatimizning barcha jihatlarini takomillashtirishda davom etamiz”.