Saneg va SIUT Slovakiyaning yetakchi texnik universiteti bilan akademik hamkorlikni kengaytirmoqda

Saneg va SIUT Slovakiyaning yetakchi texnik universiteti bilan akademik hamkorlikni kengaytirmoqda

4709
Saneg va SIUT Slovakiyaning yetakchi texnik universiteti bilan akademik hamkorlikni kengaytirmoqda

Joriy yilning 4-iyun sanasida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT), Koshitse texnika universiteti (Slovakiya) hamda Sanoat Energetika Guruhi (Saneg) kompaniyasi o‘rtasida onlayn formatda o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Ushbu uch tomonlama hamkorlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad akademik tadqiqotlarni rivojlantirish hamda ikki oliygoh talabalari uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishdir. Memorandum doirasida professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar almashinuvi, talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy loyihalar, jumladan,xalqaro konferensiya va seminarlarni hamkorlikda tashkil etish, shuningdek, Koshitsedagi Texnika Universitetining konchilik, ekologiya, texnologik jarayonlarni boshqarish va geotexnologiyalar fakulteti negizida o‘quv dasturlari ishlab chiqish rejalashtirilgan.

 “Ushbu kelishuv talabalarimiz va o‘qituvchilarimiz uchun yangi ufqlarni ochadi. Ishonchimiz komilki, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz ilm-fan va ta’lim sohasida salmoqli yutuqlarga erishishimizga olib keladi” deya ta'kidladi SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayev.

 Shuningdek, onlayn uchrashuv davomida  “Samarqand xalqaro texnologiya universiteti va Saneg bilan hamkorligimiz akademik almashinuv va innovatsiyalar uchun mustahkam asos yaratadi. Biz yangi loyihalar ustida hamkorlik qilishni orziqib kutib qolamiz” deya qo'shimcha qildi Koshitse Texnika Universiteti rektori, professor Peter Mezarosh.

Saneg kompaniyasi bosh direktori To‘lqin Yusupov SIUT asoschisi hisoblangan Saneg uchun ham mazkur memorandum ta’lim standartlarini oshirish, ilm-fanni rivojlantirish va sanoatni takomillashtirish yo‘lida hamkorlik ishlashga tayyorlik ramzi ekanligini ta’kidladi.

“Uch tomonlama hamkorlik ilm-fan va ta’lim rivojiga, talaba va o‘qituvchilarga kasbiy va akademik o‘sish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga hissa qo‘shishi tayin”, – dedi To‘lqin Yusupov.